Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +13° kechasi +9°

Toshkent shahar IIBB ogohlantirish bilan chiqdi

Shu kunlarda firibgarlar tomonidan telegram messenjeri orqali yuqori lavozimlarda ishlovchi vazirlik, idora va turli xil tashkilotlar rahbar hamda mas'ul xodimlari nomidan soxta profillar yaratilib, qoʻl ostidagi xodimlarni aldash holatlari koʻp kuzatilmoqda. Natijada firibgarlik qurboni bo'lganlar bor pullaridan ajralib qolishmoqda. Xoʻsh, firibgarlar tuzog'iga tushmaslik uchun nima qilish lozim?

4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar IIBB ogohlantirish bilan chiqdi

Shu kunlarda firibgarlar tomonidan telegram messenjeri orqali yuqori lavozimlarda ishlovchi vazirlik, idora va turli xil tashkilotlar rahbar hamda mas'ul xodimlari nomidan soxta profillar yaratilib, qoʻl ostidagi xodimlarni aldash holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

Telegram messenjerida soxta akkaunt

Xabarga koʻra, firibgarlar korxona yoki tashklot rahbari nomidan telegram messenjerida soxta akkaunt ochib qoʻl ostidagi ishchilardan biriga SMS yozadi. Muloqot davomida xodim bilan goʻyoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar qiziqayotgani va undan (rahbardan) ba'zi ma'lumotlarni soʻrashganini aytadi. Birozdan soʻng unga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi aloqaga chiqishini ma'lum qiladi.

Xodimining pullarini oʻzlashtirib olgan firibgar "rahbar"

Firibgarning, ya'ni “oʻz rahbarini” gaplariga ishongan xodim bir necha daqiqadan soʻng unga aloqaga chiqqan shaxsga (goʻyoki huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili) soʻragan barcha ma'lumotlarini berib yuboradi. Buning oqibatida firibgarlar tuzogʻiga ilingan ishchi-xizmatchilar plastik kartalaridagi pul mablagʻlaridan ayrilib qolmoqda. 

"Agarda shu kabi holatlarga duch kelgan boʻlsangiz, Toshkent shahar IIBBga murojaat qilish soʻraladi. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi", - deyiladi xabarda.

Plastik karta firibgarligi nima?

Bank kartalari tovarlar hamda xizmatlar uchun haq to‘lashning eng qulay vositasi hamda cheklanmagan miqdorda pul mablag‘larini olib yurish uchun tengsiz vositadir. Yurtimiz aholisi uchun ham plastik karta bo‘sh pul mablag‘larini nazorat qilish hamda boshqarishning qulay usuliga aylandi.

Biroq so‘nggi paytlarda bank kartalari bilan bog‘liq pul muomalasi noqonuniy tajovuzlar nishoniga aylandi. Bu holat karta egalarinnig beparvoligi yoki asosiy xavfsizlik qoidalarini bilmasliklari tufayli kelib chiqmoqda.

Firibgarlarni qanday farqlash mumkin?

Firibgarlar asosan fuqaroning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini bank yoki to‘lov tiziming nomidan xavfsizlik, plastik karta, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash yoki boshqa bo‘lim xodimi deb tanishtiradi.

Bunday shaxslar mijozning mobil ilovasi buzilgani, bank kartasi blok holatiga tushgani, kartadan noqonuniy pul yechib olishga urinishlar bo‘layotgani va shu kabi turli uydirmalarni keltiradi hamda agar darhol chora ko‘rilmasa, barcha mablag‘lardan ayrilishi haqida aytib aldashga urinadi.

Shundan so‘ng, telefoningizga yuborilgan bir martalik SMS-kodni so‘rab, sizga yordam berishni taklif etishadi.

Firibgarlarning shu kabi tuzoqlariga tushmaslik uchun ularning quyidagi belgilarini eslab qolish lozim:

qo‘ng‘iroq yoki SMS-xabar yashirin yoki begona raqamlardan keladi;

zudlik bilan qaror qilishga undash, “tezroq”, “hoziroq”, “keyin tushuntiraman” kabi so‘zlar bilan sarosimaga solishga urinishadi;

telefon orqali firibgarlik qiluvchi shaxslar o‘zlarini juda ishonchli tutib, bosim o‘tkazishi yoki aksincha muloyimlik bilan va boshqa turli usullar yordamida mijozni o‘ziga ishontirishadi. Buning asosiy sababi – mijozni shubhalantirmaslik hamda shoshilinch qaror qabul qilishga undash;

muayyan savollar berganingizda aniq javobning yo‘qligi yoki chalkashlik holati kuzatiladi;

pasport ma’lumotlari, karta raqami bilan uning amal qilish muddatini, sizga jo‘natilgan tasdiqlovchi kodni yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlarni so‘rashadi.

Eslab qoling!!!

Aslida boshqa shaxsning kartasiga pul o‘tkazish uchun faqatgina karta raqamini bilishning o‘zi yetarli hisoblanadi.

Firibgarlikdan himoyalanish bo‘yicha eng muhim tavsiyalar

Firibgarlar nafaqat mobil telefon va hamyonlardagi mablag‘larni o‘zlashtirishi, balki bank kartalaridagi hisobingizga ham noqonuniy egalik qilishi mumkin. Karta va hisobraqamingizdagi pullarni himoya qilish uchun ko‘plab usullar ishlab chiqilgan.

Firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik hamda kartangiz hisobidagi pullaringiz xavfsizligini ta’minlash uchun ushbu oddiy qoidalarni eslab qolishni tavsiya qilamiz:

PIN-kodni eslab qoling va hech kimga aytmang. eng muhimi, bunday ma’lumotlarni kartaning orqa tomonidan yoki ko‘rinadigan joylarda saqlamang. Savdo yoki xizmat ko‘rsatish paytida kartani pin-kodini o‘zingiz tering va uni ovoz chiqarib aytmang. PIN-kod nimani anglatishi faqatgina karta egasining o‘ziga ma’lum bo‘lishi kerak.

Kartangiz hisobidagi pul mablag‘larini doimiy nazorat qilib turing. Har doim karta hisobidagi pul mablag‘lari balansi hamda ularning mavjudligini tekshirib turing. Kartani jamoat joylari (avtomobil, ishxona) da qoldirmang.

SMS-xabarnoma xizmatini ulang. Balansning o‘zgarishi hamda karta hisobidan amalga oshirilgan har bir operatsiya haqida xabar beruvchi (hatto pullik bo‘lsa ham) SMS-xabarnoma xizmatini ulang. Shundagina Siz har doim hisobingiz holatini kuzatib borishingiz va shubhali operatsiyalar sodir bo‘lganda o‘z vaqtida choralar ko‘rishingiz mumkin.

Ruxsatsiz pul mablag‘i yechilsa, kartani muzlatib qo‘ying. Agar hisobingizdan pul mablag‘i yechib olish xavfi vujudga kelganda, bankka qo‘ng‘iroq qilib, zudlik bilan karta faoliyatini to‘xtatib qo‘yish kerak.

Hech kimga va hech qachon kartangiz ma’lumotlarini bermang. Firibgarlarning eng keng tarqalgan nayranglaridan biri ma’lum bir bank xizmati nomidan ishonchsiz ma’lumotlarga ega SMS-xabarlarni yuborish hisoblanadi. Shu yoki boshqa sabablarga ko‘ra ma’lumotlarni solishtirib ko‘rish maqsadida karta turi, amal qilish muddati, PIN-kodlarini so‘raydilar.

Eslab qoling!!! Banklar hech qachon tasdiqlash uchun kodni so‘ramaydilar. Bank sizga faqat karta hisobidan pul mablag‘lari yechib olinganda va hisob to‘ldirilgandagina SMS-xabar yuboradi. Har qanday holatda sizdan bank kartangizga oid maxfiy ma’lumotlarni so‘rashga haqqi yo‘q!

Hurmatli fuqarolar!!!

Ogoh bo‘ling hamda kartalaringizdan xavfsiz foydalanishning asosiy qoidalariga rioya qiling, shunda sizning pullaringiz butunligi va xavfsizligi ta’minlanadi