Markaziy bank fuqarolarni yangi onlayn firibgarlikdan ogohlantirdi
Bugungi kunda firibgarlar messenjerlar orqali fuqarolarga Markaziy bankning ramziy belgilari tushirilgan soxta hujjatlar yuborib, ularning mobil qurilmalariga zararli ilovalarni o‘rnatishga urinishmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank fuqarolarni yangi xavfdan ogohlantirdi. Bu haqda bankning rasmiy telegram kanalida maʼlumot berildi.
Soxta hujjatlar yuborilmoqda
Bugungi kunda firibgarlar messenjerlar orqali fuqarolarga Markaziy bankning ramziy belgilari tushirilgan soxta hujjatlar yuborib, ularning mobil qurilmalariga zararli ilovalarni o‘rnatishga urinishmoqda.
Mazkur soxta hujjatlarda go‘yoki fuqaroning mablag‘lari xavfsizligini ta’minlash uchun “moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis” tomonidan ayrim amallar bajarilishi to‘g‘risidagi yolg‘on axborot ko‘rsatilgan.
Maʼlumotlar yashirin qoʻlga kiritiladi
Bu orqali “mutaxassis” niqobi ostidagi firibgar fuqaroning mobil qurilmasiga zararli ilovani (xususan, “Bezopasnost”nomli) o‘rnatish orqali ushbu qurilmadagi rasm va hujjatlar, SMS-xabarlar va qo‘ng‘iroqlar haqidagi ma’lumotlarni yashirin tarzda qo‘lga kiritadi.
“Yuqoridagi kabi holatlarga duch kelsangiz, firibgarlarning aldovlariga aslo ishonmang, ilovalarni esa messenjerlar orqali emas, balki rasmiy Google Play va App Store do‘konlaridan o‘rnating”, deyiladi xabarda.



