$
 12831.81
-25.54
 14606.45
-66.36
 163.75
0.3
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlovchi yangi farmon qabul qilindi

farmon

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-132-son, 30.08.2024 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar qilmoqda.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlovchi dastur

Farmonga ko‘ra, 5 ta yo‘nalishdan iborat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2024-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish dasturi doirasida quyidagilar tasdiqlandi:

ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlari loyihalari ro‘yxati;

amaliy tadbirlar rejasi.

2024-yil 1-noyabrdan:

davlat dasturlari asosida kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga barcha tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlari jalb qilinadi;

Prezident qaroriga asosan amalga oshirilayotgan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida kichik tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan 100 million so‘mgacha garovsiz mikrokreditlarni qayta moliyalashtirish yoki ular bo‘yicha kafilliklar taqdim etish tartibini saqlab qolgan holda tijorat banklariga va mikromoliya tashkilotlariga o‘z resurslari hisobiga mazkur mikrokredit miqdorini 300 million so‘mgacha oshirishga ruxsat etiladi.

Qo‘shimcha to‘lov kamida 10 baravarga kamaytiriladi

2024-yil 1-noyabrgacha tadbirkorlarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovni oldindan amalga oshirishda qulaylik yaratish, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli miqdorlariga nisbatan shartnomaviy limitlarni oshirish va undan ortishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi hamda tabiiy gaz uchun qo‘shimcha to‘lovni kamida 10 baravarga kamaytirish choralari ko‘riladi.

Eksport va import jarayonlarini soddalashtiruvchi yangi tartiblar

Farmonga ko‘ra, eksport operatsiyalari bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplashda:

soliq to‘lovchilardan O‘zbekiston bojxona hududidan o‘tkazish punktida joylashgan bojxona organining tovarlar belgilangan mamlakatga jo‘natilganligini tasdiqlovchi belgisi qo‘yilgan, tovarga ilova qilinadigan hujjatlarni soliq organlariga taqdim etish talab etilmaydi;

bojxona organlari tomonidan real vaqt rejimida elektron axborot almashinuvi vositasida soliq organlariga tovarlar bojxona chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotlar tovarlar eksport qilinganligini tasdiqlash uchun asos bo‘ladi.

Asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi qismlar importiga oid kontraktda ularni yetkazib berish muddati 180 kundan ortiq etib belgilangan bo‘lsa, mazkur operatsiya bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilish muddati sifatida kontraktda ko‘rsatilgan yetkazib berish muddati e’tirof etiladi.

Qanday turdagi tadbirkorlarga QQSning bir qismi qaytariladi?

2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvargacha umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

Farmonga muvofiq, 2024-yil 1-oktyabrdan turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini, 2025-yil 1-yanvardan umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga 2028-yil 1-yanvargacha har oyning 25-sanasiga qadar to‘langan QQSning bir qismini quyidagi miqdorlarda respublika byudjetidan qaytarish tizimi joriy etiladi:

oylik tovar aylanmasining naqd pulsiz qismi:

60 foizdan oshgan umumiy ovqatlanish korxonalariga – byudjetga to‘langan QQSning 40 foizi;

60 foizdan kam umumiy ovqatlanish korxonalariga – byudjetga to‘langan QQSning 20 foizi;

turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga – byudjetga to‘langan QQSning 20 foizi.

“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi

2024-yil 1-noyabrdan barcha uchun ochiq holatda yuritiladigan Inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf soluvchi omillar reyestri joriy qilinadi.

2025-yil 1-yanvardan nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatib turishga faqatgina Reyestrga kiritilgan omillar asosida yo‘l qo‘yiladi.

Теги :
Jamiyat