Bir nechta farmatsevtika korxonalari O‘zbekistonga qiziqish bildirmoqda
Loyihalar orasida Latviya, Saudiya Arabistoni hamda Hindiston kompaniyalari ham mavjud.
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni Toshkent viloyatida farmatsevtika zavodini qurmoqchi va ishlar 2025-yilning oktyabrigacha boshlanishi rejalashtirilgan.
Saudiya Arabistoni kompaniyasi bilan hamkorlik
Saudiya Arabistonining “Jamjoom Pharma” farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi.
Kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan 30 turdagi dori vositalarini O‘zbekiston hududida ro‘yxatga olinishi mumkin.
Bundan tashqari, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritish sharti bilan “Tashkent Pharma Park” hududida zamonaviy farmatsevtika zavodini qurish va 2025-yilning uchinchi choragida ishga tushirish reja qilingan.
2022-yilda “Jamjoom Pharma” kompaniyasi bilan O‘zbekistonga $52 mln.dan ortiq sarmoya kiritish bo‘yicha shartnoma imzolangandi.
Chet ellik shifokorlar tashrifi
Podshoh Salmon nomidagi yordam va insonparvarlik ishlari markazi homiyligi ostida Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida joriy yil oktyabr oyida shifokorlarning 8 kunlik tashrifini amalga oshirilib, 100 tadan 150 gacha bo‘lgan bemorlarda kateterizatsiya va ochiq yurak jarohlik amaliyoti o‘tkaziladi.
Latviya kompaniyasi
Avvalroq ham Latviyaning “Olainfarm” farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarishni rejalashtirayotganligi haqida ma‘lum qilgan edi.
Kompaniya O‘zbekistonda yuqori sifatga ega ampulali mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha investitsiya loyihasi ustida ishlamoqda.
Hindiston kompaniyasi
Mart oyida Hindistonning “Avantika Medex Pvt” kompaniyasi ham Jizzax viloyatida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo‘shma korxona qurishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi.
Loyiha qiymati $30 mln.ni tashkil etib, korxona mahsulotlarining 70%ini tashqi bozorga, 30%ini esa ichki bozorga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Farmosevtika tarmog‘ini rivojlantirish
Yanvar oyi boshida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingan bo‘lib, hujjat bilan farmatsevtika sohasida yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun $600 mln.gacha mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.



