Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +9° kechasi +8°

Bir oyda qariyb 8 milllardlik tabiiy gaz o‘g‘irlangan

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bugungi kunda odatiy holga aylanib qolgan. O‘g‘irlangan energiya resurslarining summasi ham aniq hisoblanadi. Lekin, bazan savol tug‘iladi. O‘zi, o‘g‘irlangan energiya resursi qanday hisoblanadi?

3 daqiqa o‘qiladi

Bir oyda qariyb 8 milllardlik tabiiy gaz o‘g‘irlangan

Ora kunda energiya resurslaridan noqonuniy foydalangan korxonalar haqidagi xabarlar ko‘zga tashlanib qoladi. Xabarda noqonuniy foydalanilgan energiya resursining aniq summalari ham keltirilganligini ko‘rish mumkin. Endi savol tug‘iladi, energiya resursidan noqonuniy foydalanish tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri, hech qanday hisoblagichlarsiz ulangan holda bo‘lsa, uning qancha energiya resursidan noqonuniy foydalanganligi qanday hisoblanadi?

Bir oyda qariyb 8 milliardlik tabiiy gaz o‘g‘irlangan

Bu kabi noqonuniy energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishni aniqlashga qaratilgan reydlar Bosh prokuratura va Prokuratura departamenti tomonidan muntazam o‘tkazilib kelinadi. Ushbu organlar tomonidan ochiqlangan ma’lumotlarga tayanib, hisoblaydigan bo‘lsak, sentyabr oyida jami 7 milliard 682 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan. Gazning o‘zini hisoblamoqchi bo‘lganimizda esa manbalarda kamdan-kam holda tabiiy gaz hajmi ochiqlangan. Hisob-kitob masalasiga to‘xtaydigan bo‘lsak, ushbu masalasa Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli qoidalar bilan belgilab qo‘yilgan.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan qoidalar

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 134-bandiga ko‘ra, iste’molchi tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi uchun gaz hajmlari va narxi hisob-kitob kunida amalda bo‘lgan eng yuqori tarif bo‘yicha gazdan foydalanish uskunasining to‘liq sutka davomida (24 soat) to‘liq quvvat (maishiy iste’molchilarga belgilangan me’yorlardan) bilan ishlashi hisobidan kelib chiqib, iste’molchi tashkilot tashkil etilgan, oxirgi ko‘rikdan o‘tkazilgan kundan yoki oxirgi uch yil hisobidan kelib chiqib hisoblanadi.

Amaliyotda bu qanday amalga oshiriladi?

Masalan, iste’molchi ruxsatsiz gaz tarmog‘iga ulanib olganligi aniqlanganda, uning barcha gaz ishlatadigan qurilmalarining bir soatlik gaz sarfi 24 soatga ko‘paytirilib, kunlik gaz sarfi aniqlanadi.

Agar tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan 3 yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa, 24 soatlik gaz sarfi 365 ga ko‘paytirilib, chiqqan summa 3 ga ko‘paytiriladi. Ya’ni tashkilot 3 yil davomida to‘xtovsiz to‘liq quvvat bilan ishlaganda sarflashi mumkin bo‘lgan miqdor aniqlanib, shu paytdagi gaz narxiga ko‘paytirilganda chiqqan summa o‘g‘irlangan gaz summasi deb hisoblanadi.

Natijada haqiqatda o‘g‘irlangan gaz summasi kamroq bo‘lsada, zarar summasi juda katta miqdorda hisoblanadi. Aybdor shu summaga javob berishiga to‘g‘ri keladi.

Agar tashkilot tarmoqqa qonuniy ulangan bo‘lsayu, hisoblagichning plombasi buzilgan bo‘lsa, so‘nggi ko‘rikdan o‘tkazilgan davrdan, biroq ushbu plomba o‘rnatilgan kundan ko‘p bo‘lmagan davrdan boshlab zarar hisoblanadi.

Qonuniy javobgarlik

O‘tgan yili Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida “Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilingan edi.

“Elektr, gaz va vodoprovoddan tijorat maqsadlarida qonunga xilof ravishda foydalanish — o‘g‘irlik, deb belgilanmoqda. Sababi oddiy: mazkur ne’matlar xalqimizniki, ya’ni ko‘pchilikning haqqi. Shunday ekan ularni talon-taroj qilish, o‘g‘irlash ko‘pning haqqiga xiyonat qilish bilan bab-baravar. Demak, javobgarlik ham shunga yarasha qat’iy bo‘ladi”, — deya ta’kidlagan edi Senat raisi Tanzila Narboyeva.

Ushbu qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan edi va bugungi kunda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi belgilanmoqda.