Xitoy kompaniyasi Andijonda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarmoqchi
Loyiha qiymati $250 mln.ni tashkil etib, qurilish ishlarini joriy yilning oktabrida boshlash rejalashtirilmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Xitoy kompaniyasi Andijonda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Investitsiya yarmarkasi
Joriy yilning 8−11 sentabr kunlari Xitoyning Futszyan provinsiyasi Syamen shahrida yigirma to‘rtinchi investitsiya va savdo yarmarkasi (CIFIT) bo‘lib o‘tdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, mamlakat Bosh konsulxonasi, Andijon va Sirdaryo viloyatlari vakillari ishtirokidagi delegatsiyasining yarmarka maydonida mamlakatning investitsiyaviy va turizm salohiyatini, eksportbop mahsulotlarini aks ettiruvchi pavilon tashkil etildi.
Tadbirlar davomida Xitoyning “Xiamen Jinming Energy” kompaniyasi va Andijon viloyati delegatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
Chiqindidan elektr energiyasi olish
Kelishuv chiqindini qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadi. Uning qiymati $250 mln.ni tashkil etadi.
Loyiha Andijon tumani hududida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda, qurilish ishlari esa joriy yilning oktabr oyidan boshlanishiga belgilangan.
Buning uchun kompaniya vakillari viloyatga biznes-missiyasini amalga oshiradi. Shuningdek, tomonlar jami qiymati $100 mln. bo‘lgan 5ta istiqbolli loyihani ko‘rib chiqmoqda.



