O‘zbekistonda elektron tijorat bo‘yicha onlayn-maktab ish boshladi
Maktab kurslarida istalgan kishi bepul o‘qishi mumkin bo‘lib, mashg‘ulotlar o‘zbek va rus tillarida olib boriladi.
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bepul elektron tijorat maktabi ish boshladi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Maktab nimani o‘rgatadi?
Elektron tijorat maktabi kichik va o‘rta biznes vakillariga digital-vositalar bilan ishlashni o‘rgatadi.
Maktab — kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun ishga tushirilgan notijorat loyihasi hisoblanadi.
Notijorat loyihasi “Mastercard” kompaniyasi tomonidan, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Biznesni kengaytirish imkoniyati va bepul ta‘lim
Ta’lim tadbirkorlarga digital-vositalar yordamida biznesni kengaytirish va o‘z ishlarida ko‘proq pul topish imkonini beradi.
Elektron tijorat onlayn-maktabi doirasida tadbirkorlar targetlangan reklamani ishga tushirish, ijtimoiy tarmoqlarda sahifa yuritish, internet-do‘kon ochish, xalqaro onlayn-maydonchalarda tovar sotish, onlayn-to‘lovlarni ulash va kiberxavfsizlikni ta’minlash kabi ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
Maktab kurslarida istalgan kishi, mutlaqo bepul o‘qishi mumkin bo‘lib, mashg‘ulotlar o‘zbek va rus tillarida olib boriladi.



