$
 11839.59
6.22
 13569.35
-8.26
 140.42
0.63
weather
+26
Кечаси   +14°

Ed Shiran Falastin atrofidagi mashmashalar markazida qoldi — xonanda uzr so‘radi

Britaniyalik mashhur xonanda Ed Shiran ulkan g‘alva markazida qoldi. Bunga uning konsert turida ishtirok etgan reper Maklmor (Macklemore)ning Falastinni qo‘llab-quvvatlab qilgan chiqishlari sabab bo‘ldi. Oqibatda Maklmor turning qolgan qismidan chetlatildi, boshqa san’atkorlar Shiran bilan bir sahnada kuylashdan bosh tortdi, xonandaning o me’yoriy o‘zi esa nihoyat yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, batafsil tushuntirish berishga majbur bo‘ldi.

Barchasi 4-sentabr kuni Nyu-Jersidagi konsertda boshlandi. Shiranning Loop Tour doirasidagi konserti avvalida chiqqan amerikalik reper Maklmor sahnadan turib: “Falastinga erkinlik!” deya hayqirdi. U, shuningdek, G‘azo va Iordan daryosining G‘arbiy sohilida yashayotgan aholi unutilmaganini ularga yetkazib qo‘ymoqchi ekanini ta’kidladi.

Chiqishi davomida Maklmor Falastin mavzusiga bag‘ishlangan Hind’s Hall taronasini ijro etdi. Ertasi kuni reper mojaro haqida yana so‘z ochib, Isroil harakatlarini tanqid qilish hamda G‘azodagi voqealarga qarshilik ko‘rsatish butun yahudiy xalqini tanqid qilishni anglatmasligini alohida uqtirdi.

Ushbu chiqishlardan so‘ng Maklmorning turdagi ishtiroki atrofida qizg‘in bahslar avj oldi. Amerikaning ayrim konsert maydonchalari uning keyingi chiqishlariga e’tiroz bildirdi. Xususan, Gillette Stadium stadioni egasi Robert Kraft ushbu bayonotlardan keyin reperga sahna ajratishni istamasligini ma’lum qildi.

Natijada Maklmor Shiranning Amerika bo‘ylab o‘tayotgan turning qolgan konsertlaridan chetlashtirildi. Xonandaning ta‘kidlashicha, bu qarorni u emas, balki promouter va maydoncha egalari qabul qilgan. Shiran murosali yechim topishga harakat qilgani, biroq yakuniy so‘zni tashkilotchilar aytganini bildirdi.

Boshqa san’atkorlar Shiran bilan kuylashdan bosh tortdi

Maklmor chetlatilgach, Shiran uchun vaziyat yanada chgallashdi. Tur doirasida uning konsertlarida ochilish qismida chiqishi kerak bo‘lgan boshqa xonandalar reper bilan hamjihatlik belgisi sifatida ishtirok etishdan voz kechishdi.

Oqibatda 19-sentabr kuni Filadelfiyada o‘tgan konsertda Shiran deyarli bir o‘zi sahnaga chiqishiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, konsert bo‘lib o‘tayotgan majmua tashqarisida Falastin xayrixohlari to‘plandilar.

Ed Shiran nimalar dedi?

Filadelfiyadagi konsert boshlanishidan oldin xonanda birinchi marta vaziyat haqida batafsil to‘xtaldi. Shiran og‘ir qarorlar qabul qilishiga to‘g‘ri kelganini tan olib, muxlislaridan uzr so‘radi.

“Men ham xatolar qilaman va bundan juda, juda afsusdaman”, — dedi u sahnadan turib.

Shiran hech qachon siyosiy faol san’atkor bo‘lishni xohlamagani hamda konsertlari siyosiy bahslar maydoni emas, balki barchani birlashtiradigan maskan bo‘lishini afzal ko‘rishini aytdi. Biroq u yuz berayotgan voqealarni shunchaki siyosiy masala emas, balki umuminsoniy, gumanitar muammo deb atadi.

Xonanda HAMASning 2023-yil 7-oktabrdagi Isroilga hujumini keskin qoralab, uni dahshatli deb atadi. Shu bilan birga, G‘azodagi vaziyatni “ofatli, nohaq va haddan tashqari shafqatsiz” deya baholadi.

Shiran vayronagarchiliklar ko‘lami hamda tinch aholi, ayniqsa, bolalar halok bo‘layotganidan “yuragi tikan-tikan bo‘layotgani”ni ta’kidladi. U Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi ahvoldan ham alohida xavotirda ekanini bildirdi.

Shu bilan birga, qo‘shiqchi o‘zini ushbu mojaro bo‘yicha mutaxassis deb hisoblamasligini va vaziyatni o‘rganishda davom etayotganini aytib o‘tdi.

Shiran konsert maydonlari egalari san’atkorlarning sahnada nimalar deyishiga ta’sir o‘tkazishi mumkinligidan tashvishda ekanini ham bildirdi. Uning fikricha, konsertlar turli qarashlarga ega insonlar birga bo‘la oladigan maskan bo‘lib qolishi kerak.

Yuzaga kelgan mashmashalarga qaramay, Shiran o‘zining Loop Tour turini davom ettiradi. Keyingi konsertlar Shimoliy va Janubiy Amerikada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Теги :
Jamiyat