$
 12496.94
-62.32
 14405.22
-7.79
 159.38
-0.79
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqaradigan 8 ta zavod quriladi

eco chiqindi

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) va Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) jami 6 ta yirik kompaniyasi oʻrtasida qoʻshma rivojlantirish shartnomalari imzolandi.

Tashabbus davlat rahbaridan chiqqan

Ma’lumot uchun, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti – “Green University”ga tashrifi davomida maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishgan edi. Prezident bu loyihalarni namunaviy qilib, hududlarda koʻpaytirish muhimligini ta’kidladi. 

Yiliga 4,7 mln. tonnadan ortiq chiqindini yoqib, foyda olinadi

Unga koʻra, yurtimizning 11 ta hududida XXR va BAA kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 1,28 mlrd. AQSH dollariga teng bo‘lgan loyihalar asosida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga moʻljallangan zavodlar quriladi. Natijada yiliga 4,7 mln. tonnadan ortiq chiqindini yoqish orqali 2,1 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, poligonlar soni besh barobarga qisqaradi. 97 mln. AQSH dollari qiymatidagi elektr energiyasi sotiladi. Shuningdek, bular orqali 152 mln metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi hamda 2,4 mln. tonna issiqxona gazlari kamayadi. 1 200 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. 

Qachon ishga tushiriladi?

Loyihalar 2025–2027-yillarda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Fargʻona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshirilishi maqsad qilingan. Qurilish jarayonlari 2025-yil yanvardan boshlanib, zavodlar 2026-yil dekabrda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. 

1. “China CAMC Engineering” loyihasi

Toshkent va Andijonda 350 mln. AQSH dollari qiymatida zavodlar quriladi. Yiliga 1,38 mln. tonna chiqindi qayta ishlanadi, 630 mln kVt/soat energiya ishlab chiqariladi, 300 ta ish o‘rni yaratiladi.

2. “Shanghai SUS Environment” loyihasi

Samarqand va Qashqadaryoda 310 mln. AQSH dollari qiymatida ikki zavod quriladi. 1,095 mln. tonna chiqindi qayta ishlanib, 480 mln. kVt/soat energiya ishlab chiqariladi. Loyihada 300 ta ish o‘rni yaratiladi.

3. “China Everbright Group” loyihasi

Namangan va Fargʻonada 283 mln. AQSH dollari qiymatida ikki zavod barpo etiladi. Yiliga 1,095 mln. tonna chiqindi qayta ishlanib, 455 mln kVt/soat energiya ishlab chiqariladi. 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

4. “Chengdu Environmental Group” loyihasi

Jizzaxda 135 mln. AQSH dollari qiymatida chiqindilarni yoqish zavodi quriladi. 547,5 ming tonna chiqindi qayta ishlanadi, 230 mln. kVt/soat energiya ishlab chiqariladi va 150 ta ish o‘rni yaratiladi.

5. “Tadweer Group” loyihasi

Buxoro viloyatida 200 mln. AQSH dollari qiymatida chiqindi qayta ishlash zavodi barpo etiladi. Yiliga 547,5 ming tonna chiqindi termik usulda qayta ishlanib, 363 mln. kVt/soat elektr energiya ishlab chiqariladi, 150 ta ish o‘rni yaratiladi, 350 mutaxassis tayyorlanadi.

6. “Sejin” kompaniyasi loyihasi

Ohangaron tumanida 55 mln. dollar evaziga gazdan elektr olish yo‘lga qo‘yiladi. 53 ming tonna issiqxona gazi kamayadi, 16 mln kVt/soat energiya ishlab chiqariladi va 40 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi.

Chiqindini qayta ishlash har tomonlama foydali

Ekologiya vazirligi ta'kidlashicha, bu kabi yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarining oʻrnatilishi mamlakatda chiqindilarni boshqarish sohasida sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hisobiga ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, sanitar holatni yaxshilash, aholiga xavfli kasalliklar yuqishini kamaytirishga hissa qo‘shadi. Qolaversa, chiqindilarning qayta ishlanishi muqobil energiya, xomashyo va organik oʻgʻit olinishi, mavjud chiqindi poligonlari hududida ekosanoat zonalari tashkil etilishiga xizmat qiladi.