$
 12874.02
12.77
 13558.92
-44.42
 128.21
-0.2
weather
+26
Кечаси   +14°

G‘olibga elektromobil: “Eng toza mahalla” tanlovi qay tartibda o‘tkaziladi?

Chiqindi

O‘zbekistonda har yili “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” va “Eng toza mahalla” tanlovlari o‘tkazilishi belgilangandi. Ushbu tanlovlarni o‘tkazishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi. Qaror loyihasi bilan ushbu tanlovlarni o‘tkazish, g‘oliblarni aniqlash va ularni taqdirlash tartibi belgilanmoqda.

Ekofaollarga rag‘bat

Unga ko‘ra, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi 2024-yilning iyun oyidan boshlab sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilari, ekofaollar va jamoatchilik ekologiya nazoratchilarining 100 nafarini har oyda bir marotaba velosiped va boshqa mukofotlar bilan taqdirlashni yo‘lga qo‘yadi.

Tanlovlarni o‘tkazish va g‘oliblarini taqdirlash bilan bog‘liq xarajatlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

“Eng toza mahalla” tanlovi

Tanlovda ishtirok etish uchun nomzod mahallalar har yili 1-noyabrdan 30-noyabrgacha O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalariga ariza topshirаdi.

Arizalar bilan birga quyidagilarni tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari, fotoalbom yoki 10 daqiqadan oshmagan videolavhali taqdimot materiali taqdim etiladi:

  1. ijtimoiy obyektlardagi mavjud konteynerlar, ko‘chalarga o‘rnatilgan chiqindi qutilari soni;
  2. chiqindilarni yig‘ish shoxobchalari soni va ularning holati;
  3. ko‘rsatilgan sanitar tozalash xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomi (debitor qarzdorlik);
  4. mahallada chiqindilarni to‘plash, saralash, olib chiqib ketish ishlari tashkil etilganligi hamda mahallani chiqindilardan holi hudud sifatidagi amalga oshirgan ishlari;
  5. aholining ekologik tarbiyasi hamda ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari;
  6. atrof-muhitni muhofaza qilishga oid jarayonlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish ishlari;
  7. daraxt va butalarni parvarishlashda suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llagan holda sug‘orish ishlarini tashkil etganligi;
  8. ekologik madaniyatni yuksaltirish, targ‘ibot va tashviqot tadbirlaridagi faol ishtiroki;
  9. tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasidagi tashabbusi;
  10. chiqindilarni saralab yig‘ish tizimi joriy etilgani;
  11. yashil makon doirasida ekilgan daraxt va butalarning holati;
  12. energiya tejovchi texnologiyalardan foydalanish darajasi.

Tanlov qachon o‘tkaziladi?

Tanlov har yili dekabr—yanvar oylarida quyidagi bosqichlarda o‘tkaziladi:

hududiy saralash bosqichi — dekabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida;

respublika final bosqichi — yanvar oyida hududiy saralash bosqichlari g‘oliblari o‘rtasida respublika miqyosida.

Respublika komissiyasi baholash natijalariga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha eng ko‘p ball to‘plagan bittadan mahalla saralab oladi va g‘olib deb topadi.

G‘olibga qanday mukofot bor?

G‘olib bo‘lgan mahallalarning tegishli jamg‘armasiga chiqindi yig‘ish maydonchalarini qurish, mahalladagi ijtimoiy obyektlarga chiqindi konteynerlarini o‘rnatish va daraxtlarni ekish uchun 500 million so‘mdan pul mablag‘i hamda xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil topshiriladi.

“Eng toza mahalla” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash 21-mart — Navro‘z bayrami arafasida amalga oshiriladi.

“Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovi

Tanlovda ishtirok etish uchun sanitar tozalash korxonalari chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlari bilan shug‘ullanuvchi xodimlari, obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi xodimlari orasidan eng uzoq (kamida 10 yil) va sadoqatli xizmat ko‘rsatgan ko‘pi bilan 3 nafar nomzod taqdim etiladi.

Nomzodlar topshiradigan hujjatlar

Nomzodlar o‘z arizalari bilan birga quyidagilarni ham taqdim etadi:

  • nomzodning ma’lumotnomasi (obyektivka);
  • nomzodning shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
  • nomzodning so‘nggi uch yil davomida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasidagi faoliyati, shuningdek, chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish, saralash va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbuslari aks ettirilgan tavsifnoma;
  • nomzodning farzandi yoki nabirasining to‘lov kontrakt asosida davlat oliy ta’lim muassasasida ta’lim olayotganligi haqida ma’lumotnoma va shartnomasi;
  • davlat oliy ta’lim muassasasida ta’lim olayotgan shaxsning nomzodga qarindoshligini tasdiqlovchi ma’lumotlar.

Komissiya saralash natijalarini komissiya yig‘ilishida ko‘rib chiqib, eng ko‘p ball to‘plagan nomzodlarni ketma-ketlik tartibida saralaydi va saralash natijalarini 10-noyabrga qadar tasdiqlab, eng ko‘p ball to‘plagan 100 nomzodni g‘olib deb topadi. Ularni taqdirlash har yili 8-dekabr — O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kuni arafasida vazirlik rahbariyati yoki uning ko‘rsatmasiga muvofiq boshqa mas’ul shaxslar tomonidan tantanali tarzda amalga oshiriladi.

Kontrakt to'lab beriladi

G‘olib bo‘lgan nomzodlarning davlat OTMlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan farzandlari yoki nabiralariga kontraktining bir yillik to‘liq summasi, biroq BHMning 30 baravaridan ortiq bo‘lmagan qismi to‘lab beriladi.

Bunda, talabalarga kelgusida davlat organlari va tashkilotlarida kamida uch yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi.