Durov Rossiya va BAAning diplomatik yordamini rad etdi
Pavel Durov diplomatik yordamlardan bosh tortdi, ammo BAA elchixonasini o’z ahvolidan xabardor qilib turishini bildirgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyada hibsga olinganidan keyin unga Rossiya va Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan taklif qilingan diplomatik yordamdan bosh tortdi. Bu haqda fransuz rasmiysiga tayanib Politico xabar berdi.
BAA elchixonasi Durov bilan aloqada
“U Rossiya konsulligi himoyasidan va BAA konsullik tashrifidan bosh tortdi, lekin BAA elchixonasini o‘z ahvolidan xabardor qilib turishga rozi bo‘ldi”, deydi fransiyalik rasmiy.
BAA diplomatik xizmati xodimi nashrga diplomatlar Fransiya rasmiylari bilan ham, Pavel Durov vakillari bilan ham aloqada ekanligini tasdiqlagan. Rossiyaning Fransiyadagi elchixonasi bu haqda izoh bermagan.
Durovning fuqaroliklari
Pavel Durov Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Fransiya hamda Karib dengizi orollarida joylashgan Sent-Kits va Nevis shtati fuqaroligiga ega.
Durov 24-avgust kuni Parijda qo‘lga olinganidan so‘ng Rossiyaning Fransiyadagi elchixonasi rossiyalik diplomatlarga kirishiga ruxsat berishni talab qilgan. Durovga Telegram’dagi firibgarlarning harakatlari va messenjerning Fransiya rasmiylari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani bilan bog‘liq oltita band bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. 28-avgust kuni Durov sud nazorati ostida 5 million yevro garov evaziga qo‘yib yuborilgan va Fransiyani tark etishi taqiqlangan. Shuningdek, uning akasi Nikolay Durovga ham mamlakatda qidiruv e’lon qilingani haqida xabar berilgan.
Messenjerdagi jinoyat uchun javobgar qilingan asoschi
6-sentyabrga o‘tar kechasi Pavel Durov birinchi marta o‘zi bilan bo‘layotgan voqealarga rasman izoh berdi. Durovning so‘zlariga ko‘ra, messenjerda uchinchi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda uni ayblash xato bo‘lgan. Biroq u Telegram jinoyatchilikka qarshi kurashda ko‘proq choralar ko‘rishini aytmoqda. Parij politsiyasi Durovni to‘rt kun davomida so‘roq qilgan. U Fransiya rasmiylarining da’volarini hayratlanarli deb atagan.



