Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +12° kechasi +9°

“Ukraina va O‘zbekiston hukumatining yuqori darajadagi vakillari Rossiya–Ukraina urushi davomida uchrashmagan” – Doroshenko

Ukraina elchisi Mishustinning tashrifi va O‘zbekistonda Rossiya bilan birgalikda dron ishlab chiqarilishi haqida fikr bildirib o‘tdi.

2 daqiqa o‘qiladi

“Ukraina va O‘zbekiston hukumatining yuqori darajadagi vakillari Rossiya–Ukraina urushi davomida uchrashmagan” – Doroshenko

Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi jurnalistlar uchun matbuot anjumani uyushtirdi. Uchrashuv mobaynida elchi Nikolay Doroshenko jurnalistlarning qator savollariga javob berdi. Jurnalistlar elchidan Rossiya hukumati raisi Mishustinning O‘zbekistonga qilgan tashrifi va O‘zbekistonda dronlar ishlab chiqarilishiga munosabat ham so‘radi.

Bu O‘zbekistonning ichki siyosati

Rossiya hukumati raisi Mishustinning O‘zbekistonga qilgan tashrifiga Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Nikolay Doroshenko avvalo bu O‘zbekistonning ichki siyosati ekani va unga aralashish o‘rinsizligini aytib o‘tdi. Uchrashuv chog‘ida Ukraina va O‘zbekiston hukumatining yuqori darajadagi vakillari Rossiya–Ukraina urushi davomida uchrashmagani va tashriflar amalga oshmagani haqida ham to‘xtaldi. U 2021-yil may oyida Ukraina ishbilarmonlar delegatsiyasining O‘zbekistonga qilgan tashrifini eslab o‘tdi. Elchining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina taraf onlayn uchrashuvlar tashkil qilishga chaqirgan va uchrashuvlarga doim tayyor.

O‘zbekistonning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi Komilovning so‘zlari orqali ma’lum

– O‘zbekistonga Rossiya hukumati raisi Mishustinning tashrifiga kelsak, men O‘zbekistonning ichki siyosatini izohlamagan, aralashmagan bo‘lardim. Ichki siyosat bu O‘zbekiston parlamenti, o‘zbek xalqining huquqi, – deydi elchi Nikolay Doroshenko. – Lekin, O‘zbekistonning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi janob Komilovning so‘zlari orqali ma’lum. Esingizda bo‘lsa kerak, Google orqali buni izlab ko‘rishingiz ham mumkin. U 2022-yil 16-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zga chiqqandi. U betaraflik tarafdorimiz va nizolar diplomatik yo‘llar bilan hal qilinishiga ishonamiz degan edi.

Dronlar masalasida elchining fikri

Mixail Mishustinning 9-10-sentyabr kunlari O‘zbekistonga qilgan tashrifida fuqarolik dronlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish haqida ham kelishib olindi. Bu dronlar Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi ishlatilishi mumkinmi? Uchrashuv chog‘ida elchi mazkur savolga ham javob berib o‘tdi. 

“Bilasizmi, OAV orqali ma’lum qilingan anonslar bu har doim ham amalga oshadi(realizatsiya) degani emas. Kimdir nimadir so‘rashi mumkin, ammo bu har doim ham tezda amalga oshavermaydi. E’lon qilingach, amalga oshishining orasida ko‘p vaqt o‘tishi mumkin. Bu uzoq vaqt talab qiladigan jarayon. Lekin bu O‘zbekistonning huquqi, tanlovi va ma’suliyati ham uning bo‘ynida. Bilamizki, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ustidan qat’iy nazorat olib boriladi va ularning urushga jalb qilinishi ortida sanksiyalarga tushish xavfi mavjud”, – dedi u.