Seshanba, 10-noyabr, 2026
Havo 71 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌧 +12° kechasi +8°

“Majlisda qatnashmasang, ishdan ketasan”: Endi deputatlar muddatidan ilgari ishdan bo‘shatilishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari yangi qonun loyihasini ko‘rib chiqib, qabul qildi.

2 daqiqa o‘qiladi

“Majlisda qatnashmasang, ishdan ketasan”: Endi deputatlar muddatidan ilgari ishdan bo‘shatilishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari yangi qonun loyihasini ko‘rib chiqib, qabul qildi.

Boshqa ishda ishlash mumkin emas

Ma’lum bo‘lishicha, deputatlarning maqomi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasida deputatlarning haq to‘lanadigan tegishli turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirish olganidan so‘ng, haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shug‘ullangan taqdirda, ularning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

30 ta “nb” — ketishga yo‘llanma

Shu bilan birgalikda, deputatning tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, o‘z tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya faoliyatida bir yil mobaynida o‘ttiz yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, shuningdek, chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgan taqdirda ham, ularning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Ushbu qonun-qoidalar Senatda doimiy asosda ishlaydigan senatorlarga ham tegishlidir.

Shuningdek, ishlab chiqilgan qonun loyihasida deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari buzilgani uchun ularga nisbatan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ta’sir choralari ham yanada aniqlashtirilgan.

Unga binoan:

Deputatning, senatorning odob-axloq qoidalarini buzishga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatib o‘tilgan holda deputatga, senatorga ogohlantirish berish;

Deputatdan, senatordan Qonunchilik palatasi, Senat, shuningdek, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya majlislarida uzr so‘rashni talab qilish;

Deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari deputat, senatorlar tomonidan yo‘l qo‘yilgani faktini palata majlisida o‘qib eshittirish;

Deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorning ish haqidan ushlab qolish ko‘zda tutilmoqda.

Shuning bilan birgalikda, qonun loyihasi doirasida xalq vakillarining tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, shuningdek, o‘zi tarkibiga saylangan qo‘mita, komissiya majlislarida uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, har bir ishtirok etilmagan holat bo‘yicha bir kunlik ish haqi uning roziligisiz ushlab qolinishi ham ko‘zda tutilgan.