Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +13° kechasi +9°

Migratsiya, iqtisodiy hamkorlik, dronlar: Rossiya Bosh vaziri tashrifi doirasida nimalar muhokama qilindi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

3 daqiqa o‘qiladi

Migratsiya, iqtisodiy hamkorlik, dronlar: Rossiya Bosh vaziri tashrifi doirasida nimalar muhokama qilindi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda nimalar muhokama qilindi?

Rossiya delegatsiyasi O‘zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning beshinchi yig‘ilishi doirasida O‘zbekistonda bo‘ldi. Uchrashuv avvalida Mixail Mishustin Shavkat Mirziyoyevga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Rossiya Prezidentining joriy yil 26-28-may kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida qabul qilingan qaror va kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shu ma’noda, Qo‘shma komissiyaning kecha, 9-sentyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishining samarali natijalari yuqori baholandi.

Sanoat, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligida hamkorlik

Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va iqtisodiyotning boshqa ustuvor sohalarida hamkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda jadallashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti hududlar darajasida amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish, jadal madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, migratsiya sohasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ekanini qayd etdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Dron ishlab chiqarilishi mumkin

Yig‘ilishda Rossiya Bosh vaziri ikki davlat fuqarolik uchuvchisiz samolyotlar tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganayotganini ma’lum qildi.

Biz yuqori texnologiyali polimer ishlab chiqarishni tashkil etish, fuqarolik uchuvchisiz samolyotlar tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganmoqdamiz, dedi Mishustin.

Tovar ayirboshlash hajmi 30 mlrd. dollarga yetkaziladi

O‘z navbatida, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zbekiston bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi munosabatlar Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosati tufayli butunlay yangi bosqichga ko‘tarilganini aytdi.

Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonning asosiy tashqi iqtisodiy hamkori va eng yirik sarmoyaviy sheriklaridan biri bo‘lib qolmoqda, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki yarim barobar oshdi; 2023-yil oxirida u 10 milliard dollardan oshdi, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yetti oyida tovar ayirboshlash hajmi yana 30 foizga oshdi. Asosiysi, o‘zaro yetkazib berish tarkibi, birinchi navbatda, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar hisobiga sifat jihatidan o‘zgarmoqda. Davlatlarimiz rahbarlari oldimizga yangi maqsad – o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydi, deya qo‘shimcha qildi u.

Mehnat migratsiyasi masalasi ham muhokamada bo‘ldi

Bundan tashqari, Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham Mixail Mishustin bilan uchrashdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning bir qancha muhim yo‘nalishlari, jumladan, iqtisodiyot, madaniyat va ta’lim sohalaridagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, mehnat migratsiyasi sohasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga qaratilgan yaqin muloqotni bundan buyon ham rivojlantirishga kelishib oldik, deb yozadi Saida Mirziyoyeva.