$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentda ish vaqtida vafot etgan xodim uchun 340 mln. so‘m tovon puli undirib berildi

ish vaqtida o

Toshkent viloyatida vafot etgan “elektroset” xodimi uchun to‘lanmayotgan 340 mln so‘m to‘liq undirib berildi, deb xabar bermoqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi.

1 yil davomida to‘lanmagan

Ma’lum qilinishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Bekobod shahar elektr tarmoqlari korxonasi xodimi Bunyod Mirboboyev 2023-yil 12-mart kuni elektr uskunalarida ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan. Korxona uning oila a’zolariga to‘lanishi lozim bo‘lgan 340 million so‘m miqdoridagi zarar pullarini 1 yildan ortiq vaqt davomida to‘lamay kelgan. Davlat mehnat inspeksiyasi aralashuvi bilan ushbu summa marhumning oila a’zolariga korxonadan to‘liq undirib berilgan.

387 ta baxtsiz hodisa. 101 ta o‘lim

Ma’lumot uchun, 2024-yilning 6 oyi davomida sodir bo‘lgan 387 ta baxtsiz hodisa oqibatida 416 nafar xodim jabrlangan, 303 nafari og‘ir va 12 nafari yengil tan jarohati olgan, 101 nafari vafot etgan.

Baxtsiz hodisalar tufayli xodimlar yoki ularning oila a’zolariga 823 million so‘mdan ortiq tovon pullarini undirish yuzasidan sudlarga da’vo arizalar kiritilib, shundan 10 nafar fuqaroga 274 million so‘m undirib berilgan va qolganlari bo‘yicha jarayon davom etmoqda.

Baxtsiz hodisalarning eng katta qismi — 26 foizi qurilish sohasiga to‘g‘ri kelgan.

Ish vaqtida vafot etgan xodim yaqinlariga tovon puli to‘lash tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 187-moddasiga ko‘ra, o‘z mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan xodim vafot etgan taqdirda, uning oila a’zolariga yetkazilgan har qanday zararni (shu jumladan, ma’naviy zararni) ish beruvchi, basharti boshqacha holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, to‘liq hajmda to‘laydi. Ya’ni ish beruvchi marhum xodimning oila a’zolariga quyidagilarni to‘laydi:

ma’naviy zarar;

boquvchining vafot etgani munosabati bilan zarar;

vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqa.

Mehnat kodeksining 194-moddasiga ko‘ra, xodimning vafoti munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori jamoa shartnomasida, agar bunday shartnoma tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Bunda xodimning vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori esa, marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas. Bundan tashqari, xodim mehnat jarayonida vafot etgan taqdirda ish beruvchi qo‘shimcha ravishda dafn etish uchun zarur xarajatlarni ushbu xarajatlarni sarflagan shaxsga to‘lashi shart.

Теги :
Jamiyat