$
 12724.84
-15.11
 14223.83
32.8
 137.11
-2.03
weather
+26
Кечаси   +14°

Changga qarshi milliy dastur ishlab chiqildi

Chang

Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha, 19-sentyabr kuni atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohalaridagi takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

2024 - 2030-yillarga mo‘ljallangan milliy dastur

Prezident axborot xizmatining qayd etishicha, Hozirgi kunda havoni musaffo saqlash, ekologik hodisalarning ta’sirini kamaytirish tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois bu borada ikkita dastur ishlab chiqilgan. Ularning birinchisi chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha 2024 - 2030-yillarga mo‘ljallangan milliy dastur bo‘lib, ushbu hujjatda “Yevro-4” standartidan past toifadagi yoqilg‘ini sotish va undan foydalanishni bosqichma-bosqich to‘liq taqiqlash nazarda tutiladi. Buning uchun Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari yuqori sifatli yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha modernizatsiya qilinadi.

“Yashil belbog‘” va bog‘lar tashkil qilinadi

Ikkinchi dastur esa Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi bo‘lib, unga ko‘ra, kelgusi 5-yilda poytaxtimiz va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarida 441 gektar “yashil belbog‘” va bog‘lar tashkil qilinadi. Sanitar tozalash ishlarini tartibga solish maqsadida mavjud markaz negizida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligini tuzish taklif etilmoqda. Sanitar tozalash korxonalarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga qarab, uchta toifaga ajratgan holda reyting tizimi joriy qilinadi.

Yangi quriladigan binolar uchun yangilangan talablar

Yangi quriladigan, balandligi 12 metrdan yoki umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan binolarni loyihalashtirishda unga tutash hududlarning kamida 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish talabi qo‘yiladi. Shuningdek, atrof-muhitga zarari ko‘p sanoat korxonalari ham “yashil belbog‘”lar barpo etish majburiyatini oladi. Ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Faol va jonkuyar insonlarni rag‘batlantirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish taklifi bildirildi. Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Orxus konvensiyasiga qo‘shilish masalasi ko‘rib chiqildi.

Qonuniy choralar ehtiyoji

Shuningdek, taqdimot jarayonida ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik bo‘yicha modda kiritish maqsadga muvofiqligi aytildi. Bundan tashqari, daraxtlarni kesish va qasddan quritish, daryo o‘zanlaridan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash kabilar uchun jarimalarni oshirish va qat’iylashtirish choralari ko‘riladi.

Теги :
Жамият