$
 12884.62
-15.29
 13495.35
-12.15
 148.85
2.11
weather
+26
Кечаси   +14°
uzbuild

2024-yilda davlat byudjeti daromadlari va xarajatlarida dinamik o‘sish kuzatildi

byudjet

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yil dastlabki byudjet ijrosiga oid hisobotni e’lon qildi. Raqamlarga qaraganda, davlat byudjeti daromadlari 2023-yildagiga nisbatan 42,7 trillion so‘mga ko‘paygan bo‘lsa, xarajatlar ham 29,8 trillion so‘mga ortgan. Davlat byudjeti iqtisodiyotning turli jabhalariga yo‘naltirilgan bo‘lib, ta’lim va sog‘liqni saqlashga ajratilgan mablag‘larning ko‘paygani kuzatilmoqda. 

Davlat byudjeti daromadlari tarkibida bevosita soliqlar 90,8 trillion so‘mni, bilvosita soliqlar esa 88,3 trillion so‘mni tashkil etdi. Resurs soliqlari va mol-mulk soliqlari 36,4 trillion so‘m, boshqa daromadlar esa 58,9 trillion so‘m bo‘ldi. Byudjet daromadlarining o‘sishi asosan foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va QQS hisobidan amalga oshgan. 

Xo‘sh, davlat byudjeti mablag‘lari asosan qaysi yo‘nalishlarga sarflandi? Ular orasida ta’lim, sog‘liqni saqlash, investitsiyalar va davlat boshqaruvi qanday o‘rin egalladi?

Davlat byudjeti daromadlari

2024-yilda davlat byudjeti daromadlari 274,4 trillion so‘mni tashkil etdi, bu esa 2023-yilga nisbatan 18,3 foizga o‘sganligini ko‘rsatadi. Ushbu daromadlarning katta qismini soliqlardan tushumlar tashkil etadi: foyda solig‘i 52,6 trillion so‘mni, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 35,4 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Bundan tashqari, aylanmadan olinadigan soliq 2,8 trillion so‘m, qo‘shilgan qiymat solig‘i esa 59,3 trillion so‘m miqdorida tushum olib kelmoqda. Shuningdek, aksiz solig‘i 19,1 trillion so‘m va bojxona bojlari 10 trillion so‘mga tengdir.

Resurs soliqlari tarkibida yer solig‘i 8,2 trln. so‘mni, yer qa’ridan foydalanish solig‘i esa 20,2 trln. so‘mni tashkil etdi. 

Davlat byudjeti xarajatlari

2024-yilda davlat byudjeti xarajatlari 310,9 trillion so‘mga yetdi, bu esa 2023-yilga nisbatan 10,6 foiz o‘sishni anglatadi. Xarajatlar ichida eng katta ulush ijtimoiy soha xarajatlariga tegishli bo‘lib, ular 152,3 trillion so‘mni tashkil etdi. Bundan tashqari, iqtisodiy xarajatlar 38,4 trillion so‘m, investitsiya xarajatlari 28,5 trillion so‘m va davlat boshqaruvi xarajatlari 17,9 trillion so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, davlat qarzining foiz to‘lovlari 14,5 trillion so‘mga va zaxira jamg‘armalari 2,2 trillion so‘mga teng bo‘ldi.

Ijtimoiy soha xarajatlari

2024-yilda davlat byudjeti xarajatlarining eng katta qismi ijtimoiy sohalarga yo‘naltirildi. Ta’limga ajratilgan mablag‘ 71,2 trillion so‘mni tashkil etib, 2023-yildagi 61,2 trillion so‘mlik ko‘rsatkichdan ancha yuqori bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash sohasi uchun 36 trillion so‘m ajratildi, bu esa o‘tgan yilgi 31,1 trillion so‘mlik mablag‘ga nisbatan sezilarli o‘sishni anglatadi. Madaniyat va sport sohasiga 6 trillion so‘m, ilm-fanga esa 2 trillion so‘m sarflandi. Shuningdek, ijtimoiy himoya doirasida nafaqalar va moddiy yordam uchun 15,4 trillion so‘m, pensiya jamg‘armasiga esa 16,3 trillion so‘m miqdorida transfer ajratildi. Umuman olganda, ijtimoiy xarajatlar davlat byudjeti xarajatlarining 49 foizini tashkil etdi.

Boshqa xarajatlar

Boshqa xarajatlarga davlat boshqaruvi, infratuzilma loyihalari, subsidiyalar va davlat qarzining foiz to‘lovlari kiradi. 2024-yilda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 14,5 trln. so‘mga yetdi, bu esa oldingi yilga nisbatan ancha yuqori.

Теги :
Jamiyat