$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

14-yanvar “sovgʻasi”: Surxondaryo hokimi tuman hokimlari va oʻrinbosarlariga 661 million soʻm mukofot puli ajratdi

surxondaryo hokimi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan viloyat hokimi o‘rinbosarlari hamda shahar va tuman hokimlarini mukofotlash uchun 661 million so‘m ajratdi. Bu bo‘yicha 20-yanvar kuni viloyat hokimining farmoyishi qabul qilingan.

Viloyat byudjetining qoldiq mablagʻlaridan

Farmoyishda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosarining 2025-yil 14-yanvardagi bildirishnomasi hamda viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 14-yanvardagi xati inobatga olinib, viloyat byudjetining joriy yil boshida shakllangan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘z faoliyatlarida erishayotgan muvaffaqiyatlari, o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni vijdonan, sifatli va o‘z vaqtida bajarayotganliklari uchun mukofotlash belgilangan. Buning uchun jami 661 million 250 ming so‘m ajratilgan. 

Jumladan, viloyat hokimining 7 nafar o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish uchun 201 million 250 ming, viloyat hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘ini rag‘batlantirish uchun 28 million 750 ming ming, shuningdek, Termiz shahar va tumanlar hokimlarini rag‘batlantirish uchun esa 431 million 250 ming so‘m ajratilgan.

Nega qaror yopiq?

Viloyat hokimligi farmoyishiga asossiz ravishda XDFU (xizmat doirasida foydalanish uchun) belgisini qo‘ygan. Shuningdek, “shaxsga oid” degan vaj bilan berkitib qo‘yilgan.

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida” qonunining 5-moddasiga ko‘ra, byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar, byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘laridan foydalanilishi to‘g‘risida tegishli axborot davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborot jumlasiga kirishi belgilangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, qonunchilikka muvofiq ushbu farmoyish byudjet taqsimotiga doir bo‘lgani bois ochiq ko‘rinib turishi shart.

Oʻzini oʻzi mukofotlagan hokim

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Yashnobod tumani hokimi o‘ziga 62 million so‘m mukofot puli yozgan edi. Baxtiyor Rahmonqulov 2024-yil 25-oktyabr kuni “Yashnobod tumani mahalliy byudjetining 2024-yil ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha shakllangan mablag‘larni xarajatga yo‘naltirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qaror bilan Yashnobod tumani hokimi 1-sektor rahbari B.Rahmonqulovning “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgani munosabati bilan pul mablag‘lari bilan taqdirlash maqsadida, tuman mahalliy byudjetining 2024-yil 2-chorak yakunlari bo‘yicha orttirilgan mablag‘lar hisobidan 61 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish belgilangan. Buning uchun Xalq deputatlari Yashnobod tuman kengashining 23-oktyabrdagi II-113-108-14-203-K/24-sonli qarori asos qilib ko‘rsatilgan.

Теги :
Jamiyat