$
 11790.79
12.34
€
 13285.86
86.93
₽
 137.78
-0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Semirtirmaydigan shakar, ajinlarni yo‘qotadigan krem, autizmga olib keluvchi vaksina: Mahhur brendlarning ilmiy da'volari qanchalik to‘g‘ri?

ilmiy

Ilmiy tadqiqot deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga laboratoriya, oq xalat va xolis izlanish keladi. Ammo ilm-fan ham insonlar yaratadigan tizim. Unda pul, manfaat va ta’sir uchun kurash ham bo‘lishi mumkin.

Biror mahsulot “ilmiy jihatdan isbotlangan” deb reklama qilinsa, unga ishonish oson. Axir tadqiqot bor, raqamlar bor, olimlar bor. Lekin tadqiqotning o‘zi nimani o‘rgangan? Uni kim moliyalashtirgan? Qaysi ma’lumotlar tanlangan? Eng muhimi, olimlar da’vo qilgan narsa bilan reklamada aytilayotgan narsa aslida bir xilmi?

Tarixda mashhur oziq-ovqat, ichimlik va kosmetika brendlari aynan shu savollarni kun tartibiga olib chiqqan. Ba’zilarida real tadqiqotlar natijalari bo‘rttirilgan, ba’zilarida ilmiy atamalar marketing quroliga aylangan, yana ayrim hollarda kompaniyalar o‘z mahsulotlarning sotuvi uchun qulaylik shakllantirishga harakat qilgan.

Bunday hikoyalarda “soxta ilm” har doim ham uydirma ma’lumot emas, ba’zan barcha raqamlar haqiqiy bo‘ladi. Faqat savol noto‘g‘ri qo‘yiladi, kerakli natija tanlanadi yoki xulosa dalildan ancha uzoqqa olib chiqiladi. Shunday qilib, ilmiy maqola va reklama o‘rtasidagi chegara asta-sekin yo‘qola boshlaydi.

Soxta, noto‘g‘ri talqin yoki buyurtma

Oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi bunday soxta, ataylab yoʻnaltirilgan yoki buyurtma asosida notoʻgʻri gʻoyalarni ilmiy tusda taqdim etish xavfli hodisadir. Ilmiy tilda bu soxta ilm (pseudo-science), ilmiy axloqsizlik (scientific misconduct) yoki tijorat/siyosiy manfaatlar uchun ilmiy talqinlarni buzish (academic bias/disinformation) deb ataladi.

Bunga turli omillar asos bo‘lishi mumkin. Masalan, zararli mahsulotlarning ta’sirini yashirish, yangi mahsulotlarni qimmatroqqa sotish, huquqiy hamda sud javobgarligidan qochish, siyosiy lobbichilik, mashhurlik, provakatsiya, propaganda, manipulyatsiya qilish va hokazolar.

“Shakar semirtirmaydi”

1950–60-yillarda yurak-qon tomir kasalliklari AQShda o‘limning asosiy sababiga aylanayotgan edi. Olimlar orasida ikki nazariya bor edi – bir guruh yog‘ hamda xolesterinni, yana bir guruh shakarni xavfli omil sifatida ko‘rsatar edi. AQSh Shakar sanoati (Sugar Research Foundation) bu tadqiqotlardan jiddiy xavotirga tushadi. Ular shakarni himoya qilish uchun faol ish olib borishni boshlaydi.

1964-yilda SRF ichki hujjatlarida “shakarga nisbatan salbiy munosabatni yo‘qotish” kerakligi muhokama qilinadi. 1965-yil iyul oyida SRF “Project 226” deb nomlangan maxsus loyihani tasdiqladi. Maqsad – shakar va yurak kasalliklari o‘rtasidagi bog‘liqlikni rad etuvchi, yog‘ni aybdor qilib ko‘rsatuvchi ilmiy adabiyot sharhini yozdirish edi. SRF Harvard universiteti oziq-ovqat bo‘limi rahbari Fredrick Stare bilan aloqa o‘rnatadi. Stare esa o‘zining ikki hamkasbi – D. Mark Hegsted va Robert McGandyni jalb qiladi. SRF ularga jami $6,500 (2016-yilgi qiymatda taxminan $48,000–50,000) to‘laydi. Sanoat pul berishdan tashqari sharhning maqsadini ham belgilab berdi.

Natijada e’lon qilingan “mustaqil” ilmiy ishda yurak-qon tomir xastaliklarining asosiy aybdori sifatida shakar emas, balki yog‘li mahsulotlar ko‘rsatildi. Oqibatda butun dunyo o‘nlab yillar davomida yog‘sizlantirilgan dietalarga o‘tdi, ammo ularning ta’mini saqlab qolish uchun oziq-ovqatlarga yanada ko‘proq shakar qo‘shila boshlandi. Millionlab insonlar salomatligi evaziga erishilgan bu firibgarlik faqat 2016-yilga kelibgina rasman fosh bo‘ldi.

“Gazli va shakarli ichimliklar aslida katta muammo emas”

Xuddi shunday ssenariy bir necha yil oldin Coca-Cola ishtirokida ham takrorlandi. Kompaniya “Global Energy Balance Network” nomli xolis ko‘ringan ilmiy tashkilotni moliyalashtirdi. Tashkilotga taxminan 1,5 million dollar, olimlarga esa 4 million dollar atrofida mablag‘ sarflangan.

GEBN maqolalari odamlar “kaloriya iste’moli”ga haddan tashqari e’tibor qaratayotgani, aslida esa “energiya balansi” (qancha kiritiladi va qancha sarflanadi) muhimligi hamda gazli ichimliklar va shakarli mahsulotlarning o‘zi katta muammo emasligini faol targ‘ib qila boshlaydi.

Keyinchalik AP va boshqa nashrlar ichki elektron xatlar orqali bular aslida buyurtmaga qilingan ilmiy izlanishlar ekanini aniqlaydi. Jamoatchilik va olimlarning qattiq tanqididan so‘ng, 2015-yil oxirida GEBN o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

“Ajinlarni 80 foizga yo‘qotadi”

Kosmetika va shaxsiy parvarish sohasidagi manipulyatsiyalar esa yanada nozikroq tus olgan. Nivea, Pond’s kabi mashhur brendlarning “ajinlarni 80 foizga yo‘qotadi” degan reklamalari bor. Reklama standartlari tashkilotlari (ASA) surishtiruv o‘tkazganda, bu “ilmiy” ko‘rsatkichlar bor-yo‘g‘i 20-30 kishi o‘rtasida o‘tkazilgan oddiy so‘rovnoma – ya’ni subyektiv hissiyotlar (“terim yumshoqroq bo‘lib qoldi”) asosida tuzilgani ma’lum bo‘lgan.

Yana bir yirik bahs Johnson & Johnson kompaniyasining bolalar kukunida saraton chaqiruvchi asbest moddasi borligini bilgani va bu xavfni inkor etuvchi xulosalarni moliyalashtirib kelgani ustida bo‘lgan. Minglab sud da’volaridan so‘ng kompaniya milliard dollarlik kompensatsiyalar to‘lashga majbur bo‘ldi.

“Autizm keltirib chiqaradigan vaksina”

1998-yilda britaniyalik shifokor Endryu Ueykfild va uning hammualliflari “The Lancet” jurnalida MMR vaksinasi (qizamiq, parotit, qizilcha) autizmga sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi tadqiqotni chop etishdi. Atigi 12 nafar bolaning ma’lumotlariga asoslangan ushbu maqola OAVda katta shov-shuv ko‘tarib, dunyo bo‘ylab vaksinalarga nisbatan ishonchni keskin pasaytirdi.

Biroq keyinchalik o‘tkazilgan jurnalistik va tibbiy surishtiruvlar qiziq faktlarni ochiqladi: Ueykfild ma’lumotlarni soxtalashtirgan, tadqiqot etikasini qo‘pol ravishda buzgan va vaksina ishlab chiqaruvchilarga qarshi sudlashayotgan tomonlardan yashirincha pul olgan. Natijada 2010-yilda “The Lancet” jurnali maqolani rasman rad etib, arxivdan o‘chirdi, Ueykfild esa shifokorlik litsenziyasidan bir umrga mahrum qilindi.

Keyingi yillarda yuz minglab bolalarni qamrab olgan ko‘plab yirik va mustaqil tadqiqotlar o‘tkazildi. Ularning barchasi bitta aniq xulosani isbotladi – MMR vaksinasi va autizm o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q.

Bizning natijaga ishonishimiz uchun sabablar yaratilyaptimi?

Ilm-fan nomidan aytilgan har bir da’vo ilmiy haqiqat degani emas. Ayniqsa mahsulot, kompaniya yoki ma’lum bir manfaat ortida turgan tadqiqotlarga kelganda, “ilmiy jihatdan isbotlangan” degan jumlaning o‘zi yetarli dalil bo‘la olmaydi.

Shuning uchun tadqiqotni o‘qiyotganda faqat xulosaga emas, uning ortidagi jarayonga ham qarash kerak: tadqiqotni kim moliyalashtirgan, qanday metod qo‘llangan, namuna qanchalik katta, qarama-qarshi natijalar hisobga olinganmi va boshqa mustaqil tadqiqotlar shu xulosani tasdiqlaganmi?

Chunki ilmiy ko‘rinishga ega bo‘lish va ilmiy jihatdan ishonchli bo‘lish bir xil narsa emas. Eng muhim savol esa oddiy – bizga natija ko‘rsatilyaptimi yoki aynan shu natijaga ishonishimiz uchun sabablar yaratilyaptimi?

Теги :
Jamiyat