$
 11774.92
9.71
 13588.26
1.8
 139.17
-0.18
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston va Pokiston Bobur haqida film suratga olishi mumkin

Zahiriddin Muhammad Bobur

O‘zbekiston va Pokiston Zahiriddin Muhammad Bobur hayotiga bag‘ishlangan qo‘shma film suratga olishni rejalashtirmoqda. Loyiha hozircha ishlab chiqish bosqichida bo‘lib, ssenariy ustida ish olib borilmoqda. Bu haqda Pokiston Axborot va teleradioeshittirish vazirligi Tashqi targ‘ibot qanotining Markaziy Osiyo respublikalari bo‘yicha direktori Asif ur Rahmon Xon ma’lum qildi, deb yozmoqda Xabar.uz nashri.

Suratga olish manzillari hali tasdiqlanmagan

Asif ur Rahmon Xonning aytishicha, ayni paytda film ssenariysi ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, suratga olish ishlari qayerlarda olib borilishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Uning ta’kidlashicha, filmning ayrim sahnalari Pokiston hududida ham suratga olinishi mumkin. Biroq suratga olish joylari va loyiha bilan bog‘liq boshqa tashkiliy masalalar hali kelishilishi kerak.

“Loyiha qo‘shma ish bo‘lishiga umid qilaman. Pokiston hududida ham suratga olish ishlari bo‘lishi mumkin. Ammo bu masalalar hali hal qilinishi kerak”, – dedi Asif ur Rahmon Xon.

Filmda ikki davlat aktyorlari ishtirok etishi mumkin

Film aktyorlari tarkibi ham hozircha aniq belgilanmagan. Bu masala Pokistonning Elektron media va nashrlar direksiyasi hamda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi o‘rtasida muhokama qilinmoqda.

Asif ur Rahmon Xonning fikricha, filmda O‘zbekiston va Pokiston aktyorlarining birgalikda ishtirok etishi ehtimoli yuqori.

“Aktyorlar tarkibi to‘liq o‘zbekistonliklardan, pokistonliklardan yoki har ikki mamlakat vakillaridan iborat bo‘ladimi, degan savol qiziqish uyg‘otayotganini tushunaman. Menimcha, filmda ikki mamlakat aktyorlari ishtirok etadi. Bu Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi qo‘shma hamkorlik ruhiga mos bo‘ladi”, – dedi u.

Hozircha filmning suratga olish sanasi, aktyorlar tarkibi, suratga olish manzillari va boshqa tafsilotlar bo‘yicha yakuniy ma’lumotlar e’lon qilinmagan.

Теги :
Jamiyat