Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +9°

Tashkent Citydagi osmono‘par bank binolarini sotib olishga to‘rt nafar investor qiziqish bildirmoqda

Ular orasida Yevropa Ittifoqi, BAA va Turkiya kompaniyalari mavjud.

2 daqiqa o‘qiladi

Tashkent Citydagi osmono‘par bank binolarini sotib olishga to‘rt nafar investor qiziqish bildirmoqda

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Toshkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududidagi uchta bank biznes markazlarini sotish jarayoni bo‘yicha ma’lumot berdi.

Qaysi bank binolari xususiylashtirilmoqda?

“Asakabank”, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Aloqabank"ga tegishli binolarni xususiylashtirilmoqda. Bu uchun “KPMG” xalqaro kompaniyasi konsultant hamda “Deloitte” xalqaro kompaniyasi mustaqil baholovchi sifatida jalb etilgan.

Bildirilgan qiziqish va talablar

Aktivlarni sotib olish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi, BAA va Turkiya davlatlaridan 4 nafar talabgor qiziqish bildirdi.

Arizalar belgilangan mezonlar, jumladan, moliyaviy resurslarning yetarliligi, ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan kompaniya bo‘lmasligi hamda AQSh, Yevropa Ittifoqi va xalqaro moliya institutlarining sanksiyalar ro‘yxatida ariza beruvchilarning mavjud emasligi kabilar asosida o‘rganildi.

Konsultant yuqoridagi talablarga muvofiq kelgani uchun 4 nafar talabgorni ham keyingi bosqichga o‘tkazishga tavsiya qilgan. Shu bilan birga, raqobat muhitini oshirish maqsadida ko‘proq salohiyatli investorlarni savdo jarayonlariga jalb qilish ishlari davom ettiriladi.

Qanday holatda aktiv haqida batafsil ma‘lumot beriladi?

Barcha talabgorlarga individual ravishda xabarnoma yuboriladi, 4 nafar talabgorga esa jarayon xati orqali navbatdagi bosqich to‘g‘risida ma’lumot beriladi. Axborotni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi bitimni (NDA) imzolagandan so‘ng, ular aktiv haqidagi batafsil ma’lumotlarga kirish, biznes markazlarini joyiga chiqqan holda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Aktivni sotib olish narxi bo‘yicha majburiyatga ega bo‘lgan takliflar joriy yilning 25-noyabr kuni soat 23:59gacha jo‘natilishi kerak.