Munosabat: Maktablarda ta’mirlash ishlari, turli tadbirlar va bayramlar uchun pul yig‘ish qat’iyan taqiqlangan
Shayxontohur tumanidagi maktablardan birida 1-oktyabr munosabati bilan millionlab pul yig‘ayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Shayxontohur tumanidagi umumta’lim maktablaridan birining 2-sinfida tahsil oluvchi o‘quvchilarning ota-onalari 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan millionlab pul yig‘ayotgani haqida ota-onalar Telegram guruhidan olingan ovozli xabar tarqaldi. Bu haqda “Daryo” nashriga bildirgan murojaatchilarga ko‘ra, ushbu sinfda tahsil oluvchi ota-onalar tashabbusi bilan har bayramda pul yig‘ish odat qilingan.
Rasmiy bayonot
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi. Yangi o‘quv yili oldidan poytaxtimizning barcha tuman umumta’lim maktablarida o‘quvchilar va ularning ota-onalaridan turli sabablar bilan pul yig‘imlari amalga oshirish qat’iyan taqiqlanishi bo‘yicha sinf rahbarlari, o‘qituvchilar hamda Ota-onalar kuzatuv Kengashi vakillari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazilgan va ogohlantirilgan. Shunga qaramay, afsuski ayrim maktablarda ota-onalar o‘rtasida o‘zboshimchalik bilan pul yig‘imlarini amalga oshirishga urinishlar bo‘layotganligini oqlab bo‘lmaydi. Buni yuqoridagi kabi xabar ham tasdiqlab turibdi.
Boshqarma noqonuniy pul yig‘imlariga qarshi kurashishga tayyor
Ta’kidlanishicha, Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi umumta’lim muassasalarida noqonuniy pul yig‘imlariga qarshi kurashishga doimo tayyor. Xabarda ta’lim muassasalarida ta’mirlash (remont) uchun turli tadbir (so‘nggi qo‘ng‘iroq) va bayramlar uchun pul yig‘ish qat’iyan taqiqlanishi ham eslatib o‘tilgan.
Ogohlantirish
Bayonotda, shuningdek, yolg‘on ma’lumot tarqatayotgan fuqarolar ham ogohlikka chaqirilgan: O‘z tasdig‘ini topmagan, asossiz va yolg‘on xabarlarni tarqatish O‘zR MJTK 202-moddasi 2-bandi va jinoyat kodeksining 244-moddasi 6-bandiga asosan tegishli tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi, deyiladi boshqarma xabarida.
O‘qituvchilarga sovg‘a-salom berish sifatsiz ta’lim va tamagir o‘qituvchilarga yetaklashi mumkin
Shuni ham aytish kerakki, ota-onalardan biri bayramga sovg‘a-salom berish masalasini qoralab, fikr bildirgan: “ota-onalar qo‘mitasining faolligi faqat shu bayramda sezilsa kerak, hoynahoy, nega sifatli ta’lim borasida gap ketganda ham shunaqa tashabbuskorlik bo‘lmaydi ularda, shunisi qiziq. Bunday holat mening farzandlarim o‘qiyotgan maktablarda ham sezilmoqda. Oxirgi uch-to‘rt kunda ota-onalar qo‘mitasi pul yig‘ishga shunchalik kirishib ketishganki, ular O‘zbekiston qonunchiligini esdan chiqarib, o‘zboshimchalik qilmoqda. Ota-onalardan pul yig‘ib, uni xuddi o‘zi berayotgandek tutayotgan onalar bu orqali farzandini o‘qituvchiga yaqinlashtirishni, o‘qituvchini shu yo‘l orqali muttaham qilib, farzandining ayblariga ko‘z yumishga undayotgandek. Bu bizga nima beradi? Sifatsiz ta’lim, qoloq o‘quvchi va tamagir o‘qituvchilarni ko‘paytiradi,” - deydi u.



