$
 12258.38
16.21
 14455.08
-67.81
 159.49
-0.41
weather
+26
Кечаси   +14°

Bankrotlikdan tovlamachilikkacha: O‘zbekistonda qaysi banklarning faoliyati to‘xtatilgan?

bank

Bugun, 15-yanvar kuni Markaziy bank “Yangi bank”ning litsenziyasini bekor qildi. Bunga ustav kapitali minimumi va boshqa qonunchilik talablari bajarilmagani sabab bo‘lgan. Aslida bu holat O‘zbekiston bank tizimi tarixida birinchi marta yuz berayotgani yo‘q. Avval ham turli yillarda ayrim banklar bankrotlik, qonun buzilishi yoki boshqa banklarga qo‘shib yuborilgani bois yopilgan. Xo‘sh, O‘zbekistonda mustaqillik davridan buyon qaysi banklar o‘z faoliyatini to‘xtatdi?

1992–2010-yillar oralig‘ida yopilib ketgan banklar

Nur Anvar bank

Rustambank

Umarbank

Aviabank

Biznes-Bank

Uzprivatbank

Parvinabank

Alp Jamol bank

Samarqandbank

Mevasabzavotbank

2014–2025-yillar oralig‘ida yopilganlar

Amirbank

ABN AMRO Bank

Turkiston bank

HI-TECH bank

Yevroosiyo Banki

Yangi bank

Shu qatori yana Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan “Adiletbank”, Andijon viloyatidagi “Istiqbolbank”, Buxoro viloyatidagi “Tashabbusbank”, Qashqadaryo viloyatidagi “O‘ktambank”, Namangan viloyatidagi “Namanganbank”, Farg‘ona viloyatidagi “Qo‘qonbank”, Samarqand viloyatidagi “Olimbank”, “Sug‘diyonabank” va Toshkent shahridagi “XIF-bank” kabi banklar ham o‘z faoliyatini to‘xtatgan. 

Nima sababdan yopilgan?

Mustaqillik arafasida va undan keyingi yillarda ochilgan ilk banklardan biri Nur “Anvar bank” bo‘lgan. U 1988-yilda tashkil etilib, 1992-yilda yopilgan. Bank egasi Anvar Tillanazarov davlat mulkini o‘zlashtirishda ayblanib, 15 yil muddatga qamalganidan so‘ng, bank davlat foydasiga musodara qilingan.

1992-yilda ochilgan “Rustambank” O‘zbekiston tarixidagi ilk xususiy banklardan biri hisoblanadi. Bank 1998-yilda yopilgan. Uning egasi Rustam Usmonov tovlamachilik, valyutani noqonuniy olish-sotish kabi moddalarda ayblanib, 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Shundan so‘ng bank faoliyati tugatilgan.

1990-yilda ochilgan “Umarbank” esa 2000-yilda nosog‘lom moliyaviy faoliyat sabab tugatilgan. Keyinchalik bank Ipak Yuli banki tarkibiga filial sifatida qo‘shilgan. Bu bankning rahbari Umar Rajabov ham 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

1990-yilda tashkil topgan “Aviabank” 14 yil faoliyat yuritib, 2004-yilda “Kapitalbank”ka qo‘shib yuborilgan. Bank aviatsiya sohasini moliyalashtirishga ixtisoslashgan bo‘lgan.

2002-yilda ochilgan “Biznes-Bank” atigi 3 yil ishlagan. Bank qonunchilikni buzganlik sabab Markaziy bank tomonidan litsenziyasidan mahrum etilgan.

1995-yilda tashkil topgan “Uzprivatbank” 2006-yilda O‘zsanoatqurilishbankka qo‘shib yuborilgan. Bankning asosiy vazifasi xorijiy sarmoyalarni jalb qilish bo‘lgan.

1994-yilda tashkil etilgan “Parvinabank” esa 2009-yilda yopilgan. Bank qonun buzilishlari va katta miqdordagi moliyaviy suiiste’mollar bilan bog‘liq jinoyatlar fonida o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

1998-yilda ochilgan “Alp Jamol bank” 2010-yilda yopilgan. Bank qonunchilikni buzganlikda ayblanib, butun mol-mulki davlat foydasiga musodara qilingan.

“Samarqandbank” esa 2000-yilda tashkil topib, 2014-yilda Markaziy bank tomonidan litsenziyasi bekor qilingan. Bank moliyaviy muammolar va boshqaruvdagi kamchiliklar sabab yopilgan.

1994-yilda ochilgan “Mevasabzavotbank” 2000-yilda G‘arantbank tarkibiga qo‘shilgan. Bank qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishga xizmat qilgan.

“Amirbank” 2008-yilda ochilib, 2014-yilda qonun buzilishlari sabab yopilgan.

Xorijiy kapital ishtirokidagi “ABN AMRO Bank Uzbekistan” ham 1996–2013-yillar oralig‘ida faoliyat yuritib, keyinchalik “KDB Bank Uzbekistan” bilan birlashtirilgan.

1998-yilda ochilgan “Turkiston bank” 2022-yilda bankrot bo‘lgan.

2010-yilda ochilgan “HI-TECH bank” ham 2023-yil bankrot deb topilib, faoliyati rasman tugatilgan.

Shuningdek, Markaziy bank Qozog‘istonning “Yevroosiyo Banki”ning 2024-yil yanvar oyida ro‘yxatdan o‘tgan shu’ba korxonasidan litsenziyani qaytarib oldi.

Bugun esa Markaziy bank “Yangi bank” faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasini chaqirib oldi. Bunga ustav kapitali minimumi va boshqa qonunchilik talablari bajarilmagani sabab bo‘lgan. Qonunga ko‘ra, ushbu bankdagi 200 mln so‘mgacha bo‘lgan omonatlar davlat tomonidan kafolatlanadi. Ya’ni, “Yangi bank”da omonat ochgan 32 153 nafar fuqaro o‘z mablag‘larini to‘liq qaytarib oladi. Qolgan 373 nafar omonatchining 200 mln so‘mdan ortiq mablag‘lari qonunchilikka muvofiq tartibda qaytariladi. 

Теги :
Jamiyat