$
 12874.86
-18.11
 13525.04
-16.45
 123.06
-0.32
weather
+26
Кечаси   +14°

2025-yil uchun tizimli ahamiyatga molik banklar ro‘yxati tasdiqlandi

bank

Markaziy bank 2025-yil uchun tizimli ahamiyatga molik banklar roʻyxatini tasdiqladi. 2024-yil 1-oktyabr holatiga ularning Oʻzbekiston bank tizimining aktivlardagi ulushi 67 foizni tashkil etmoqda.

Qaysi banklar 2025-yil uchun mahalliy tizimli ahamiyatga molik boʻldi?

Regulyator xabariga koʻra, Oʻzmilliybank, Agrobank, Oʻzsanoatqurilishbank, Xalq banki, Asakabank, Ipoteka-bank, Kapitalbank 2025-yil uchun mahalliy tizimli ahamiyatga molik banklar sifatida belgilanmoqda. Mazkur banklar respublika bank tizimi barqarorligiga sezilarli ta'sir qilishi mumkin ekani qayd etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 18-fevraldagi qarori bilan “Tizimli ahamiyatga molik banklarni aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom“ tasdiqlangan.

Mazkur nizom Bank nazorati boʻyicha Bazel qoʻmitasining “Mahalliy tizimli ahamiyatga molik banklarni aniqlashning hadli shartlari toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomasi, xorijiy mamlakatlar tajribasi hamda milliy bank tizimining oʻziga xos jihatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.

Tizimli ahamiyatga molik banklar qanday aniqlanadi?

Nizomga muvofiq, respublika bank tizimi barqarorligiga sezilarli ta'sir qilishi mumkin boʻlgan tizimli ahamiyatga molik banklar 4 ta mezon asosida aniqlanadi.

Bankning aktiv va majburiyatlari hajmi – bank aktivlari va balansdan tashqari moddalari hajmining barcha banklar umumiy aktivlari va balansdan tashqari moddalari jami hajmidagi ulushi asosida aniqlanadi.

Bankning bank tizimi ishtirokchilari bilan oʻzaro bogʻliqligi – bankning boshqa banklarda joylashtirilgan aktivlari va uning boshqa banklar oldidagi majburiyatlari hajmining barcha banklarning boshqa banklardagi aktivlari va boshqa banklar oldidagi majburiyatlari jami hajmidagi ulushi asosida aniqlanadi.

Bankning qamrovi – bankning mahalliy toʻlovlar va oʻtkazmalar hajmi va sonining, iqtisodiyot tarmoqlari kesimida ajratilgan kreditlar hajmining, bankdagi jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar omonatlari hajmining bank tizimi boʻyicha tegishli jami koʻrsatkichlardagi ulushlari hamda bankning xizmat koʻrsatish nuqtalari soni asosida aniqlanadi.

Bank operatsiyalari murakkabligi – bankning transchegaraviy (xalqaro) majburiyatlari summasining respublikadagi barcha banklar transchegaraviy majburiyatlari umumiy summasidagi ulushi asosida baholanadi.

Tizimli ahamiyatga molik banklar uchun alohida bank nazorati

Markaziy bankning qayd etishicha, tizimli ahamiyatga molik deb topilgan banklar uchun alohida bank nazorati oʻrnatiladi. Ushbu banklarning toʻlovga qobiliyatli boʻlishi nafaqat moliya tizimining, balki butun iqtisodiyotning barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eslatib oʻtamiz noyabr oyida Markaziy bank sakkizta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllagani haqida xabar bergan edik.

Теги :
Jamiyat