Auksionda bir kunda 7,2 mlrd. so’mlik avtoraqamlar sotildi
Onlayn auksiondagi eng qimmat avtoraqam esa 338,3 mln. so’mga xarid qilingan.
1 daqiqa o‘qiladi

Joriy yilning 17-sentabr kuni avtoraqam.uzex.uz savdo tizimida o‘tkazilgan onlayn-auksionda jami 7,02 mlrd. so‘mlik avtoraqamlar sotildi. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bir kunda 1394 ta avtoraqam
Sotilgan avtomobil raqamlari soni 1 394tani tashkil etib, tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 5 mln. so‘m bo‘lgan. Eng arzon avtoraqam 1,7 mln. so‘mga sotilgan.
Shu kuni birja savdolari orqali xarid qilingan eng qimmat avtoraqam qiymati 338,3 mln. so‘mni tashkil etdi.
Qimmat avtoraqamlar “poygasi”
Sentabr oyi boshida bir “chiroyli” avtoraqam 351,9 mln. so’mga sotilgan edi. Biroq, bu yuqori ko‘rsatkich emas, 6-avgust kungi savdolarda eng qimmat avtomobil raqami 403,9 mln. so‘mga xarid qilingan.
Birinchi yarim yillikdagi savdo hajmi
Birinchi yarim yillikda avtoraqamlar savdosi uch barobarga oshib, 426,2 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Eng qimmat “chiroyli” avtoraqamni Toshkent shahridan yuridik shaxs 517,14 mln. so‘mga sotib olgan.



