Toshkentda qancha avtobus ta’lim muassasalari yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatishi ma’lum qilindi
Transport vazirligi tomonidan avtobuslarning belgilangan jadval asosida to‘liq yo‘nalishlarga chiqarilishi nazorat qilinmoqda. Ulardan ma’lum bir qismi bevosita ta’lim muassasalari yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatadi.
1 daqiqa o‘qiladi

Bu haqida Transport vazirligi xabarida ma’lum qilindi.
Yo‘nalishli avtobuslar nazorati
Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan barcha avtobuslarning belgilangan jadval asosida to‘liq yo‘nalishlarga chiqarilishi nazorat qilinmoqda. Yo‘lovchilarga munosib transport xizmati ko‘rsatilishini tashkil etish maqsadida bugun erta tongdan transport vaziri va uning o‘rinbosarlari “Toshshahartransxizmat” tarkibidagi avtobus saroylariga borib, yo‘nalishlarga avtobuslarning belgilangan jadval asosida chiqarilishini nazoratga olgan.
Ta’lim muassasalari yo‘nalishidagi avtobuslar
“Toshshahartransxizmat” tomonidan poytaxt bo‘yicha jami 163 ta avtobus yo‘nalishi tashkil etilgan bo‘lib, yo‘nalishlarga umumiy hisobda 1556 ta avtobuslar harakatga chiqarildi. Ushbu avtobuslardan 1037 tasi bevosita ta’lim muassasalari yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatadi.
Qatnovlar orasidagi intervallar o‘rtacha 8-12 daqiqa bo‘lib, bu bekatlarda uzoq kutishlarning oldini oladi.
Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash masalasi
Toshkentda avtobuslar tezligi soatiga 50 km gacha cheklangan. Bunday choradan maqsad yo‘lovchilar xavfsizligini yaxshilash va baxtsiz hodisalar sonini kamaytirish edi. Shuningdek, avtobus oynalariga cheklangan tezlik 50 km/soat ekanini bildiruvchi belgilar yopishtirilishi ma’lum qilindi. Hozirda shaharlar hududida ruxsat etilgan maksimal tezlik 60 km/soat hisoblanadi.



