Toshkentda jamoat transporti bosqichma-bosqich elektr va gazga o‘tkaziladi
Yo‘lovchilar va yo‘nalishli taksilarning xavfsiz va to‘siqsiz harakatlanishini hisobga olgan holda bekatlar rekonstruksiya qilinadi.
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida jamoat transporti bosqichma-bosqich elektr va gazga o‘tkaziladi. Bu haqda chang bo‘ronlariga qarshi kurashishga qaratilgan prezident qarorida keltirilgan.
Transport uchun elektr va gazdan foydalanish
2025-yilning mayigacha elektr va gaz ballonli yoqilg‘i tizimiga o‘tkazish uchun mavjud foydalanilayotgan transport vositalari xatlovdan o‘tkazilib, ularga bo‘lgan talab o‘rganiladi.
Bu tizimga 2027-yil oxirigacha mo‘ljallangan moliyalashtirish manbalari ko‘rsatilgan barcha ko‘chma jamoat transporti vositalarini muddatidan oldin o‘tkazish choralari ko‘riladi.
Jamoat transporti ustuvorligi
Hujjatda kelasi yil davomida yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish orqali Toshkentda jamoat transporti ustuvorligini ta’minlash belgilangan.
Bunda markaziy shaharlarda transport va piyodalar oqimlarining kesishish nuqtalari sonini kamaytirish, alohida avtobus yo‘llarini tashkil etish orqali tezkor avtobus yo‘nalishlari (BRT) tizimi joriy etiladi.
Chorrahalarda avtobuslarning ustuvor harakatini ta’minlash maqsadida yo‘llarni, yo‘lovchilar va yo‘nalishli taksilarning xavfsiz va to‘siqsiz harakatlanishini hisobga olgan holda bekatlarni rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda.



