Muhojirlar koʻpincha qaysi aviakompaniyalarning xizmatini tanlaydi?
Muhojirlar orasida so‘rovnoma o‘tkazilib, ular xizmatidan foydalanadigan eng yaxshi aviakompaniyalar reytingini tuzildi. Ushbu soʻrovnomada 3 mingga yaqin muhojirlar ishtirok etgan.
3 daqiqa o‘qiladi

Migrant.zu portali muhojirlar orasida so‘rovnoma o‘tkazib, ular xizmatidan foydalanadigan aviakompaniyalar reytingini aniqladi.
Migrantlar bilet xarid qilayotganda asosan nimalarga eʼtibor qaratishadi?
Reyting natijalariga koʻra, bilet xarid qilayotganda muhojirlar birinchi navbatda narxiga e’tibor qaratishi ma’lum bo‘ldi. 56 foiz muhojir biletning arzonligiga qarab xaridni amalga oshirishini bildirgan. Ikkinchi o‘rinda – 17 foiz ishtirokchilar biletni bagaj va qo‘l yukining hajmiga qarab, yana 9 foiz muhojirlar esa reysning vaqti qulay bo‘lsa aviachipta xarid qilishini ma’lum qilgan.
Eng arzon aviakompaniyalar
Kerakli shaharga reys bor bo‘lsa bilet xarid qiluvchini muhojirlar orasida 7 foizni, xizmat va muomala sifatiga qarab aviakompaniyadan bilet oladiganlar esa 6 foizni, samolyotda beriladigan ovqatiga ko‘ra chipta oladiganlar esa 2 foizni tashkil qilishi aniqlandi. 43 foiz o‘zbekistonlik muhojirlar eng arzon chiptalarni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi taklif qilishini aytgan. Arzonligi bo‘yicha migrantlar fikricha, ikkinchi o‘rinda ikkita avikompaniya o‘rin olgan. Ular Rossiyaning “Utair” va “Ural airlines” aviakompaniyalari. Har ikki aviakompaniyaga 13 foiz muhojirlar ovoz bergan. Uchinchi o‘rinni “Aeroflot” aviakompaniyasi egallagan. Soʻrovnoma ishtirokchilarining 8 foiz ushbu kompaniyada biletlar arzon ekanini belgilagan.
Xizmat ko‘rsatish va muomala madaniyati boʻyicha yetakchi aviakompaniya
Parvozlar vaqtida xizmat ko‘rsatish va muomala madaniyati sifati bo‘yicha birinchi o‘rinni 86 foiz ovoz bilan Uzbekistan Airways avikompaniyasi egalladi. Aeroflot aviakompaniyasining xizmatini atigi 5 foiz ishtirokchi e’tirof etgan. Qo‘l yuki va bagaj qoidalari hamda qulayligi bo‘yicha ham so‘rovnoma natijasiga ko‘ra 84 foiz ovoz toʻplab milliy aviakompaniyamiz yetakchi boʻlib turibdi. Ikkinchi o‘rinda, 4 foiz ishtirokchilarning javoblari bilan “Aeroflot” aviakompaniyasi qulay deb topilgan.
Migrantlar qaysi aviakompaniyalarning xizmatidan norozi?
Parvozlar vaqtida ko‘ngilsiz voqealar ham bo‘lib turadi. So‘nggi vaqtlarda aviakompaniyalar bilan muhojirlar o‘rtasida ro‘y berayotgan mojarolar kun tartibidan tushgani yo‘q. So‘rovnoma ishtirokchilarining 26 foizi salbiy tajriba bilan Uzbekistan Airways aviakompaniyasida yuzlashganini, 22 foiz ishtirokchilar esa “Ural airlines” aviakompaniyasidan yo‘lovchi sifatida ranjiganini bildirgan. Yana 17 foiz muhojirlar “Utair” aviakompaniyasidan salbiy taassurot qolganini ma’lum qilgan. So‘rovnomaga ko‘ra, boshqa aviakompaniyalardan xafa bo‘lgan muhojirlar ko‘rsatkichi 13 foiz ni tashkil etadi.
Soʻrovnomada 3 mingga yaqin muhojirlar ishtirok etgan
Muhojirlarning eng sevimli aviakompaniyasi sifatida Uzbekistan Airways mutloq liderlik pozitsiyasida. 80 foiz muhojirlar milliy aviakompaniyani tanlagan bo‘lsa, Aeroflot aviakompaniyasining muxlislari soni 5 foizni, S7 avikompaniyasini e’tirof etuvchilar 4 foizni, Qanot sharq aviakompaniyasini yoqtiruvchilar esa 3 foizni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, Migrant.uz o‘tkazgan so‘rovnomada 3 mingga yaqin muhojirlar ishtirok etib, o‘z fikrini bildirgan.



