$
 12720.00
-7.96
 13827.91
46.07
 140.04
0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi auksiondagi yerlar 10 yilgacha boʻlib toʻlashga beriladi

auksion

Xabaringiz boʻlsa, 19-aprel kuni “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori qabul qilingan edi. Unga koʻra, joriy yil 1-maydan boshlab, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini sotishni tezlashtirish va ular negizida ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish) obʼyektlarini ishga tushirishni ragʻbatlantirish maqsadida ularni auksionda sotishning yangi tartibi amaliyotga tatbiq etiladi.

3 oy sotilmasa narx 30 foizga pastlaydi

Auksion savdolariga chiqarilgan yer uchastkalari (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) uch oy davomida sotilmaganda, ularning boshlangʻich narxi 30 foizgacha, olti oy davomida sotilmaganda esa 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytiriladi va sotib olish toʻlovlarining 15 foiz toʻlovlarini uch oy muddatda, qolgan qismini 10 yilgacha muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi.

Ayrim hollarda foizlarni hisoblash tartibi bekor qilinadi

Shuningdek, qaror bilan, ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib 4 va 5-toifalarga kiritilgan tumanlarda joylashgan davlat aktivlari hamda mulk huquqi asosida sotib olingan yer uchastkalari boʻyicha dastlabki toʻlov summasi 35 foizdan kam boʻlgan hollarda qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi boʻyicha foizlarni hisoblash tartibi bekor qilinadi. Toʻlovlarni esa, miqdoridan qatʼi nazar, 5 yil ichida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi.

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar masalasi

Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish uchun amalga oshiriladigan dastlabki toʻlov miqdori 35 foizdan 15 foizga pasaytiriladi.

Yoʻl boʻyida zamonaviy servis va savdo-maishiy obyektlarni barpo etish

Shu bilan birga, Hukumat qarori bilan tasdiqlanadigan rejaga muvofiq xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻllari boʻyida joylashgan yer uchastkalarida zamonaviy servis va savdo-maishiy obyektlarni barpo etish uchun master-reja asosida yer uchastkalari ularning toifasidan qatʼi nazar auksion savdolariga chiqariladi.

Davlat mulkidagi yer uchastkalari toʻsiqsiz rasmiylashtiriladi

Davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻsh yer uchastkalariga nisbatan esa tuman (shahar) hokimliklarining qarzdorliklari boʻyicha taqiqlar tatbiq etilmaydi, ushbu yer uchastkalari auksion savdolarida sotilganida, xaridorlarga toʻsiqsiz rasmiylashtirib beriladi.