Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +13° kechasi +9°
Читать на русском

Attestatsiya yaqin: Soxta sertifikatdan foydalangan pedagoglar javobgarlikka tortiladi

Turli xil sertifikatlarni soxtalashtirayotgan o‘qituvchilar ham uchrab turibdi.

2 daqiqa o‘qiladi

Attestatsiya yaqin: Soxta sertifikatdan foydalangan pedagoglar javobgarlikka tortiladi

Xabaringiz bor, yurtimizda 29-oktyabrdan 16-noyabrga qadar malaka toifasi uchun test sinovlari o‘tkaziladi. Malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga ham qo‘shimcha haq to‘lab boriladi. Malaka toifasi uchun haq to‘lashda esa, mazkur toifani olganlik to‘g‘risidagi sertifikat asos bo‘ladi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ul xodimi Sardor Rahimboyevning ma’lum qilishicha, turli xil sertifikatlarni soxtalashtirayotgan o‘qituvchilar ham uchrab turibdi.

Platformaga qalbaki sertifikatni joylashning iloji yo‘q

“Avval tizimga kiritilmagan malaka toifasi sertifikatlarini platformaga kiritish jarayonida ayrim qalbaki sertifikatlarga ham duch kelmoqdamiz. Ming afsuski, pedagoglarimiz orasida boshqa bir o‘qituvchining sertifikatini qalbakilashtirib, turli xil dasturlar orqali o‘zining nomiga rasmiylashtirib olganlar ham uchrab turibdi.

Bu harakatlari bilan ayrim pedagoglarimiz o‘zlarini noqulay ahvolga solib qo‘ymoqda. Chunki, tizimga joylangan sertifikatlarni platformaga qayta yuklanganida, u qalbaki sertifikat ekani ma’lum bo‘lib qoladi. Ya’ni, platformaga qalbaki sertifikatni joylashning imkoni yo‘q. Barchasi mukammal tarzda ishlab chiqilgan. Ayrim o‘qituvchilar esa, bila turib qalbaki sertifikatni olib kelib, mening sertifikatim “ERP bazasi” dan chiqmayapti deb, uyalmay shikoyat qilmoqda” , - deydi Sardor Rahimboyev.

Ayrim hollarda “uddaburon” shaxslar tomonidan mazkur sertifikatlarni soxtalashtirib, o‘qituvchilarga ma’lum bir mablag‘ evaziga pullash holatlariga ham guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Buning uchun qanday javobgarlik bor?

O‘qituvchilar tomonidan taqdim etilgan sertifikatlarning haqqoniyligiga sertifikat egasi shaxsan mas’ul hisoblanadi.

Agar qalbaki sertifikatlar aniqlanadigan bo‘lsa, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasiga asosan sudga murojaat qilishi va aybi isbotlangan holatda eng kamida ushbu xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilishi mumkin.

Jarima miqdori

Muhim eslatma: Jinoyat kodeksining 228-moddasiga ko‘ra, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha, ya’ni 18 mln. 750 ming so‘mdan - 37 mln. 500 ming so‘mgacha jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha, ya’ni 9 mln. 375 ming so‘mdan 18 mln. 750 ming so‘mgacha jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.