$
 12178.85
49.84
 14053.18
84.2
 146.54
-1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyo atomdan vos kechyapti: Bunga nima sabab bo‘lmoqda?

atom

So‘nggi yillarda dunyoda elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin oshib bormoqda. Sun’iy intellektning rivojlanishi, ishlab chiqarishning kengayishi va elektr texnologiyalarining ko‘payishi ko‘plab davlatlarni yangi energiya manbalarini izlashga majbur qilmoqda. Shu sababli atom energetikasi yana “yangi oltin davr” sari qaytayotgani haqida gaplar ko‘paymoqda.

Ammo shu bilan birga, o‘tgan yillarda dunyo bo‘ylab ko‘plab atom stansiyalari ham yopilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, turli mamlakatlarda joylashgan 250 ta atom stansiyasi faoliyati to‘xtatilgan va jami 136 823 megavatt quvvat ishlab chiqarishdan chiqarilgan. Bunga yirik avariyalar, radioaktiv chiqindilar muammosi va xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sabab bo‘lgan.

Fukusima atomga munosabatni o‘zgartirdi

Atom stansiyalarini eng ko‘p yopgan davlat Yaponiya hisoblanadi. Bunga 2011-yilda Fukusima atom stansiyasida sodir bo‘lgan yirik avariya sabab bo‘lgan. Ushbu hodisadan keyin mamlakatda ko‘plab atom reaktorlari to‘xtatilib, jami 44 ta obyekt va 35 284 megavatt quvvat foydalanishdan chiqarilgan. Keyinchalik ularning faqat ayrimlarigina yana qayta ishga tushirilgan.

Fukusima hodisasi boshqa davlatlarga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa Germaniya bu voqeadan keyin atom energetikasidan butunlay voz kechishga qaror qildi.

Germaniya atom energetikasidan voz kechdi?

Bir vaqtlar Germaniyada atom energetikasi mamlakat elektr energiyasining qariyb 29,5 foizini ta’minlab kelgan. Ammo hukumat qaroriga ko‘ra barcha atom reaktorlari bosqichma-bosqich yopildi. Natijada mamlakatda 36 ta reaktor va 27 862 megavatt quvvat to‘liq to‘xtatildi. Germaniyadagi oxirgi atom reaktori esa o‘tgan yili ishlashdan chiqarildi.

AQSh yopilgan atom quvvatlari bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi. Bu yerda 23 311 megavatt quvvat foydalanishdan chiqarilgan. Biroq yopilgan atom obyektlari soni bo‘yicha aynan AQSh eng yuqori ko‘rsatkichga ega.

Ukraina esa nisbatan kam — atigi 4 ta atom stansiyasini yopgan. Bu mamlakatda 1986-yilda tarixdagi eng yirik atom avariyalaridan biri yuz bergan Chernobil atom stansiyasi ham joylashgan.

Atom energetikasi yana qaytadimi?\

Xitoy esa hozirgacha birorta ham atom loyihasini yopmagan. Aksincha, mamlakat atom energetikasini yanada rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Xitoy 2035-yilga borib 150 000 megavatt atom energiyasi ishlab chiqarishni maqsad qilgan.

Bugungi kunda elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin ortib borayotgani sabab atom energetikasi yana e’tibor markaziga qaytmoqda. Sun’iy intellekt, elektr transporti va sanoat rivoji ko‘plab davlatlarni atom energiyasiga ishonchli va kam karbon chiqindili energiya manbai sifatida qarashga majbur qilmoqda.

Hatto ayrim joylarda ilgari yopilgan atom stansiyalarini ham qayta ishga tushirish rejalari bor. Masalan, AQShdagi Tri-Mayl-Aylend atom stansiyasi 1979-yilda avariya yuz bergani bilan mashhur bo‘lsa-da, hozir uni Microsoft kompaniyasining ma’lumotlar markazlarini elektr bilan ta’minlash uchun yana ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Теги :
Jamiyat