AQSH sudi Trampning xorijiy talabalar uchun 4 yillik viza cheklovini bekor qildi
Federal sud Tramp ma’muriyati joriy etgan tartibni qonunga zid deb topdi. Qaror AQSH universitetlarida chet ellik talabalar soni kamayib borayotgani haqidagi tadqiqot ortidan qabul qilindi.
3 daqiqa o‘qiladi

AQSH federal sudi Donald Tramp ma’muriyati tomonidan xorijiy talabalar vizasining amal qilish muddatini to‘rt yil bilan cheklashga qaratilgan qarorni noqonuniy deb topdi. Sudya ushbu tartibni bekor qilib, hukumat bunday cheklov joriy etish orqali o‘z vakolatidan chetga chiqqanini bildirdi.
Yangi tartib qanday ishlashi kerak edi?
AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi (DHS) joriy yil iyul oyida xorijiy talabalar uchun vizaning amal qilish muddatini to‘rt yil bilan cheklovchi yakuniy qoidani qabul qilgan edi. Ungacha F-1 talaba vizasi talaba AQSHda tahsil olayotgan va belgilangan talablarga amal qilayotgan vaqt davomida amal qilgan.
Tramp ma’muriyati joriy etgan yangi tartibga ko‘ra, agar talaba belgilangan to‘rt yil ichida diplom olishga ulgurmasa, vizasini uzaytirish uchun alohida ariza bilan murojaat qilishi talab etilardi.
Sudya cheklovni qonunga zid deb topdi
Federal okrug sudi sudyasi F. Dennis Saylor dushanba kuni mazkur qoidani bekor qildi. Uning xulosasiga ko‘ra, DHS tomonidan joriy etilgan tartib asossiz, o‘zboshimchalik bilan qabul qilingan, vakolatni suiiste’mol qilish hisoblanadi va qonunga zid.
Sudya vazirlikning harakatlarini tanqid qilib, AQSHda xorijiy talabalar ta’lim olishi uchun imkoniyat yaratish Kongress ko‘zlagan maqsadlardan biri ekanini ta’kidladi.
“DHS, ochig‘ini aytganda, Kongress ruxsat bergan va rag‘batlantirgan faoliyatning o‘zini — xorijiy talabalarga AQSHda ta’lim olish imkoniyatini yaratishni cheklash yoki to‘xtatishga urinmoqda. Qonun vazirlikka F-1 viza dasturiga putur yetkazish uchun bunday keng va cheklanmagan vakolat bermaydi”, — dedi Saylor.
Tramp ma’muriyati sud qaroriga qarshi chiqdi
AQSH ma’muriyati sud qarorini tanqid qildi. Ichki xavfsizlik vazirligining bosh yuridik maslahatchisi Jeyms Persival sudya pozitsiyasiga e’tiroz bildirib, yangi tartib xorijiy talabalarning AQSHda uzoq yillar qolishiga imkon beruvchi holatlarning oldini olishga qaratilganini ta’kidladi.
“Talaba vizasi bilan kelib, har semestrda atigi bitta fan o‘qib, mamlakatda o‘nlab yillar qolish mumkin. Sudya Dennis Saylorning fikricha, ICE immigratsiya tizimimizdan bunday keng ko‘lamli suiiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘yishi kerak”, — dedi Persival.
To‘rt yillik cheklovga ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi advokatsiya guruhlari ham qarshi chiqqan edi. Ularning fikricha, bunday talab xorijiy talabalarni AQSH universitetlarida o‘qish istagidan qaytarishi mumkin.
Xorijiy talabalar soni 15 foizga kamaygan
Sud qarori AQSH universitetlarida xorijiy talabalarni qabul qilish ko‘rsatkichi joriy semestrda 15 foizga pasaygani haqidagi tadqiqot e’lon qilinganidan bir kun o‘tib qabul qilindi.
Tadqiqot mualliflari ushbu pasayishni Tramp ma’muriyatining immigratsiya siyosatini keskinlashtirgani bilan bog‘lash mumkinligini qayd etgan. Bunda talabalar vizalariga nisbatan joriy etilgan cheklovlar ham muhim omillardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Sudning qarori xorijiy talabalar uchun avvalgi viza tartibini saqlab qolish imkonini beradi.



