Bitta yulduz, tarixiy obida va qizil chiziqlar: O‘zbekiston bayrog‘i dastlab qanday ko‘rinishda bo‘lgan?
Bugun hammamizga tanish bo‘lgan O‘zbekiston bayrog‘i dastlab hozirgidek ko‘rinishda bo‘lmagan. Ilk loyihalarda ranglar tik joylashgan bo‘lib, o‘rtasida Samarqand yoki Buxorodagi tarixiy obidalardan birining tasviri bo‘lgan.
4 daqiqa o‘qiladi

Hatto 12 ta yulduz o‘rniga avvaliga bitta yulduz chizilgan. Bayroqdagi qizil rang esa birinchi prezident Islom Karimovga dastlab yoqmagan.
200 dan ortiq loyiha orasidan bayroq qanday tanlangan?
O‘zbekiston 1991-yil 31-avgustda mustaqilligini e’lon qilgach, mamlakatning yangi davlat ramzlarini yaratish ishlari boshlandi. Bayroq uchun tanlov o‘tkazilib, unga 200 dan ortiq loyiha taqdim etilgan. Tanlovda rassom Anvar Mamajonov ham qatnashgan. Rassomning eslashicha, u bayroq eskizini tayyorlashdan oldin boshqa davlatlarning bayroqlarini o‘rgangan, geraldikaga oid kitoblarni ko‘rib chiqqan. Dastlabki loyihalarda ranglar hozirgidek gorizontal emas, vertikal joylashgan. Bayroq markazida esa Samarqand yoki Buxorodagi tarixiy obida tasvirlangan. Keyinchalik bu tasvir olib tashlanib, loyiha bir necha bor o‘zgartirilgan.
Nihoyat, 1991-yil 18-noyabrda Oliy Kengashning navbatdan tashqari VII sessiyasida O‘zbekiston davlat bayrog‘i tasdiqlandi. Shu kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi 407-XII-sonli qonun ham qabul qilindi.
Nega aynan moviy, oq va yashil ranglar tanlangan?
Anvar Mamajonovning aytishicha, u dastlab moviy va yashil ranglarga e’tibor qaratgan. Sababi bu ranglar bir-biriga mos tushib, ko‘zni charchatmaydi va bayroqni boshqa davlatlar ramzlaridan ajratib turadi. Ammo ushbu ranglarning tanlanishida faqat tashqi ko‘rinish emas, ularning ramziy ma’nosi ham muhim bo‘lgan.
Moviy rang osmon va suvni, shuningdek, yaxshilik, donishmandlik, halollik, shon-shuhrat va sadoqatni anglatadi. U tarixan Amir Temur davlati bayrog‘i bilan ham bog‘lanadi.
Oq rang tinchlik, poklik, beg‘uborlik va ezgu niyatlar timsoli hisoblanadi. U insonning yorug‘ kelajakka, sof orzu va maqsadlarga intilishini ifodalaydi.
Yashil rang esa tabiatning uyg‘onishi, yoshlik, umid va shodlik ramzidir. Ko‘plab xalqlarda bu rang yangilanish va hayot davomiyligi bilan bog‘lanadi.
Bayroqdagi qizil chiziqlar esa inson tanasida oqayotgan qon kabi hayotiy kuch, qudrat va bardavomlikni anglatadi.
Islom Karimov nega qizil rangga qarshi bo‘lgan?
Bayroq yaratilishidagi eng qiziq voqealardan biri aynan qizil rang bilan bog‘liq. Anvar Mamajonovning eslashicha, dastlab Islom Karimov qizil rang sobiq sovet tuzumi, inqilob va qonni yodga solgani uchun bayroqda bo‘lishini istamagan. Rassom esa Sharq xalqlari an’analarida qizil rang yomon ko‘z va yomon so‘zdan asrash ramzi sifatida ham ishlatilishini tushuntirgan.
Muhokamalardan so‘ng qizil rangni butunlay olib tashlamaslikka qaror qilingan. Natijada u oq rangning yuqori va pastki chetida ingichka chiziqlar shaklida qoldirilgan. Bayroqdagi yarim oy va yulduzlar soni ham dastlab boshqacha bo‘lgan. Mamajonovning aytishicha, ilk eskizda yarim oy yonida bitta yulduz tasvirlangan. Keyinchalik Islom Karimovning taklifi bilan yulduzlar soni 12 taga yetkazilgan.
Rasmiy talqinga ko‘ra, yarim oy xalqimizning tarixiy an’analari va qo‘lga kiritilgan mustaqillik ramzi hisoblanadi. O‘n ikki yulduz esa qadimiy madaniyatimiz, astronomiya ilmi, tarixiy yilnomalar va komillikka intilish bilan bog‘liq. Bayroq to‘g‘risidagi qonunda esa uning tasviri, tuzilishi va foydalanish tartibi belgilangan.
O‘zbekiston bayrog‘ini yaratgan Anvar Mamajonov kim?
Anvar Mamajonov 1950-yil 22-mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1973-yilda Toshkent teatr va rassomlik institutining kulolchilik bo‘limini tamomlagan.
Dastlab kulolchilik bilan shug‘ullangan rassom keyinchalik grafika va ofort yo‘nalishida ijod qila boshlagan. Qariyb 20 yil davomida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda bolalar kitoblari va badiiy asarlarga rasmlar chizgan. 1983-yilda esa SSSR Rassomlar uyushmasiga a’zo bo‘lgan.
Mamajonov O‘zbekiston davlat gerbi muallifi sifatida ham tanilgan. Amalda foydalanilayotgan davlat gerbining markazida qanotlarini keng yoygan Humo qushi tasvirlangan. Ushbu qush xalqimiz madaniyatida baxt va erksevarlik ramzi hisoblanadi.
Rassom 2010-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, 2023-yilda esa “O‘zbekiston xalq rassomi” unvoniga sazovor bo‘lgan. U O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi ham hisoblanadi.
Bayroq qadimdan qanday ahamiyatga ega bo‘lgan?
Bayroqlardan foydalanish tarixi ming yillar avval boshlangan. Dastlabki bayroqlar miloddan avvalgi III–II ming yilliklarda paydo bo‘lib, qabilalarni bir-biridan ajratish uchun ishlatilgan. Keyinchalik ular hukmdorlar, lashkarboshilar va davlatlarning hokimiyat ramziga aylangan. O‘zbekiston hududida ham bayroqlardan qadimdan foydalanilgan. Buni tarixiy yozma manbalar va tasviriy san’at namunalarida uchratish mumkin.
Amir Temur davrida davlat tug‘i adolat, kuch-qudrat va hukmronlik belgisi hisoblangan. “Temur tuzuklari”da jangda jasorat ko‘rsatgan amirlar va sipohiylarga tug‘ hamda nog‘ora in’om qilingani qayd etilgan.
Bugun oddiy ko‘rinadigan moviy, oq va yashil ranglar hamda 12 yulduz ortida uzoq tarix, yuzlab eskizlar va ko‘plab muhokamalar bor. Bayroqning hozirgi ko‘rinishi bir kunda paydo bo‘lmagan, uning har bir qismi ustida alohida ishlangan.



