Seshanba, 17-noyabr, 2026
Havo 87 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +16° kechasi +3°

15 ta “Emmy” olgan shou O‘zbekistonda: Suratga olish ishlari 2027-yilga rejalashtirilgan

Dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabinlar kuzatadigan Amerikaning mashhur teleshoulari endi O‘zbekistonda ham suratga olinadi. CBS telekanalining The Amazing Race va Discovery’ning Expedition Unknown loyihalari 2027-yilda mamlakatimizga kelishi rejalashtirilgan.

3 daqiqa o‘qiladi

15 ta “Emmy” olgan shou O‘zbekistonda: Suratga olish ishlari 2027-yilga rejalashtirilgan

Bundan tashqari, O‘zbekistonda yaratilgan beshta kino va telemahsulotni AQSh bozoriga olib chiqish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Bu Los-Anjelesda o‘tkazilgan American Film Market xalqaro kino bozorida ma’lum qilindi.

15 ta Emmy mukofotini olgan shou O‘zbekistonda suratga olinadi

Bir necha yillik muzokaralardan so‘ng CBS telekanalining The Amazing Race shousini 2027-yilda O‘zbekistonda suratga olishga kelishildi.
Dunyoning turli mamlakatlarida o‘tkaziladigan ushbu sayohat va sarguzasht shousi 25 yildan beri efirga uzatiladi. Shu vaqtgacha loyiha 39 mavsum davomida 15 ta Emmy mukofotini qo‘lga kiritgan va 108 marta ushbu mukofotga nomzod bo‘lgan.
Shou yaratuvchisi, 10 karra Emmy mukofoti sohibi Bertram van Munster ham Los-Anjelesdagi O‘zbekiston stendiga tashrif buyurdi. U ilgari AQShning sobiq prezidenti Ronald Reyganning shaxsiy operatori bo‘lib ham ishlagan.
Aslida O‘zbekiston bu shouda ilk bor ko‘rinayotgani yo‘q. 2025-yilda ham loyiha ishtirokchilari mamlakatimizga kelib, turli topshiriqlarni bajargan. O‘zbekiston jamoasi esa musobaqada qatnashmagan.

Discovery ham O‘zbekiston haqida ko‘rsatuv tayyorlaydi

Yana bir kelishuv Discovery telekanalining Expedition Unknown loyihasi bilan bog‘liq. Ushbu dastur tarixiy sirlar, arxeologik topilmalar va qadimiy sivilizatsiyalarni o‘rganishga bag‘ishlangan. Uning O‘zbekistondagi suratga olish ishlari ham 2027-yilga mo‘ljallangan.
Ikkala loyiha bo‘yicha kelishuvlarga Los-Anjelesdagi American Film Market doirasida erishilgan. Ushbu tadbirda O‘zbekiston stendi Prezident administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tomonidan Turizm qo‘mitasi ko‘magida va Next Field International telekompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

O‘zbekistonning beshta kino va telemahsuloti AQSh bozoriga chiqadi

Amerikadagi muzokaralar davomida mahalliy kinoijodkorlar uchun ham yangi imkoniyat paydo bo‘ldi. Cactus Tree Entertainment kompaniyasi bilan 2027-yilda O‘zbekistonda yaratilgan beshta eng yaxshi kino va televizion mahsulotni AQSh bozoriga taqdim etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ushbu kompaniya FOX, Disney va Netflix kabi yirik kompaniya hamda platformalar uchun kontent savdosi bilan shug‘ullanadi.
O‘zbekistonlik ijodkorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar 2027-yil 4–5-fevral kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan xalqaro media bozori davomida tuzilishi rejalashtirilgan.

Toshkentga Amerika va Kanadadan media kompaniyalar keladi

2027-yil 4–5-fevral kunlari Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” majmuasida ilk bor Tashkent Content Market xalqaro media bozori tashkil etiladi. Unda kino, televideniye, animatsiya va raqamli media sohasida ishlaydigan mahalliy hamda xorijiy kompaniyalar qatnashadi.

Tadbir davomida filmlar va boshqa media mahsulotlar savdosi, qo‘shma loyihalar, hamkorlik shartnomalari hamda kompaniyalar o‘rtasida B2B uchrashuvlar o‘tkaziladi. Los-Anjelesdagi kino bozorida AQShning yirik telekompaniyalari va distribyutorlarini Toshkentdagi tadbirga jalb qilish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilgan. Shuningdek, Shimoliy Amerikadan qatnashadigan davlatlar safiga Kanada ham qo‘shilmoqda.