O‘mon O‘zbekistonning 23-strategik sherigi bo‘ldi
Masqatda Shavkat Mirziyoyev va Sulton Haysam bin Toriq Ol Said ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldi. Muzokaralar yakunida 30 dan ortiq hujjat almashildi.
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Masqatda o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida 30 dan ortiq ikki tomonlama hujjat almashildi.
Masqatda oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said Masqatdagi “Al-A’lam” saroyida dastlab tor doirada, so‘ngra ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari O‘mon Sultoniga samimiy qabul va ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Sulton va O‘mon xalqini yaqinlashib kelayotgan Milliy kun bayrami bilan tabrikladi.
Muzokaralarda O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish hamda uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar so‘nggi yillarda siyosiy muloqot va idoralararo aloqalar faollashgani, o‘zaro savdo hajmi hamda investitsiyalar izchil oshib borayotganini qayd etdi. Prezident tashrifi oldidan Masqat shahrida Hukumatlararo komissiyaning oltinchi yig‘ilishi, shuningdek, qator biznes va madaniy tadbirlar tashkil etilgani ta’kidlandi.
Joriy yil iyul oyidan boshlab O‘zbekiston va O‘mon poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani ham ijobiy baholandi.
Savdo va investitsiya hamkorligi kengaytiriladi
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi. Jumladan, savdo va investitsiya, transport-logistika, energetika va elektrotexnika, kimyo hamda tog‘-kon sanoati, shaharsozlik va turizm, qishloq xo‘jaligi, kosmik tadqiqotlar va raqamlashtirish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston – O‘mon investitsiya kompaniyasining ustav kapitalini ikki barobar oshirib, 500 million dollarga yetkazish masalasi alohida ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, O‘mon sarmoyalari ishtirokida tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya jamg‘armasi faoliyatini qisqa muddatlarda yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Madaniy va gumanitar aloqalar ham rivojlantiriladi
Muzokaralarda ikki xalq o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ham takliflar ilgari surildi.
Xususan, O‘zbekiston va O‘mon madaniyati hamda san’ati haftaliklarini tashkil etish, yoshlar forumini o‘tkazish, noyob qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va ularni birgalikda o‘rganish, shuningdek, ikki mamlakatning qadimiy shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi. BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” formati hamda boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Ikki davlat munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tariladi
Muzokaralarning asosiy natijalaridan biri O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish bo‘yicha qaror bo‘ldi. Ikki davlat rahbarlari an’anaviy do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan aloqalarni yangi maqomga ko‘tarishga kelishib oldi.
Erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash uchun maxsus “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish va Muvofiqlashtiruvchi kengash mexanizmini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidni O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelishga taklif etdi.
30 dan ortiq ikki tomonlama hujjat almashildi
Masqatdagi muzokaralardan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Haysam bin Toriq Ol Said huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi va O‘mon Sultonligi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Ushbu hujjat ikki mamlakat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish va hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, tomonlar 30 dan ortiq ikki tomonlama hujjatni almashdi. Ular orasida fuqarolarning o‘zaro safarlari uchun vizadan ozod qilish, sanoat kooperatsiyasi, moliya va iqtisodiyot, imtiyozli savdo, erkin iqtisodiy zonalar hamda bojxona masalalariga oid kelishuvlar bor.
Hujjatlar transport va logistika, kommunikatsiyalar va axborot texnologiyalari, uy-joy va shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishlarini ham qamrab olgan.
Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, mehnat va inson resurslari, ta’lim, madaniyat va sport, davlat boshqaruvi va davlat xizmati, arxiv ishi hamda boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar ham almashildi.



