Ko‘zbo‘yamachilik uchun traktorini dalaga chiqarmagan fermer hushyorxonada o‘zini o‘ldirdi
Uning telefoni olib qo‘yilib, yaqinlariga xabar berishiga ham imkon berilmagan. Sud esa uni olib borgan profilaktika inspektorini mansab vakolatidan chetga chiqishda aybdor deb topdi.
3 daqiqa o‘qiladi

Voqea 2025-yil 2-avgust kuni Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida sodir bo‘lgan.
Mehmonlar uchun traktorlarni dalaga chiqarish talab qilingan
O‘sha kuni Xatirchi tumaniga Toshkentdan mehmonlar kelishi kutilayotgan bo‘lgan. Shu sabab tuman IIB boshlig‘ining o‘rinbosari profilaktika inspektori A.I.ga mehmonlar o‘tadigan yo‘l bo‘yida qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab turishini ta’minlashni topshirgan.
Inspektor “B.B.” fermer xo‘jaligi rahbaridan traktorlarini dalaga chiqarishni talab qilgan. Ammo fermer bu talabni noqonuniy deb hisoblab, uni bajarishdan bosh tortgan. Shundan keyin inspektor fermer xo‘jaligida fermerning mexanizator bilan spirtli ichimlik ichib o‘tirganini ko‘rib, ularni telefoniga tasvirga ola boshlagan.
Mexanizator daladagi ishini tugatib, traktorni qaytarib kelganini aytib, videoga olmaslikni so‘ragan. Biroq inspektor hamkasbini chaqirib, fermerni jamoat joyida spirtli ichimlik ichganini vaj qilib hushyorxonaga olib ketgan.
Fermerning telefoni olib qo‘yilgan, yaqinlariga xabar berilmagan
Fermer Xatirchi tumanidagi mast holdagi fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktiga olib borilgan. Sud hujjatlariga ko‘ra, inspektor feldsher V.M. bilan kelishib, navbatchi shifokor bo‘lmasa ham fermerni muassasaga joylashtirgan. Feldsher esa bunday qaror chiqarish vakolatiga ega bo‘lmagan.
Fermer majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Uning kiyimlari va buyumlari xolislarsiz tekshirilib, telefoni olib qo‘yilgan. Yaqinlariga xabar berilmay, o‘ziga ham ular bilan bog‘lanish imkoniyati berilmagan. Shundan so‘ng erkak alohida xonaga joylashtirilgan.
Fermer inspektordan bir necha bor uzr so‘ragan
Fermerning rafiqasi keyinchalik muassasadagi kuzatuv kameralari yozuvlarini ko‘rganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, videoda eri qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, inspektordan bir necha marta uzr so‘ragani aks etgan. Ammo inspektor bunga e’tibor bermagan.
Fermerning qarindoshlaridan biri uni olib ketish uchun hushyorxonaga ham borgan. Biroq IIB xodimlari u yerda bunday odam yo‘qligini aytib, undan chiqib ketishni so‘ragan. Keyinchalik muassasaga tez yordam mashinasi kirgan. Shundan so‘ng qarindoshiga fermer o‘z joniga qasd qilgani aytilgan.
Sud ekspertizasiga ko‘ra, o‘z xo‘jaligidan olib ketilishi, yaqinlariga xabar bera olmagani va yuz bergan boshqa holatlar fermerga kuchli ruhiy ta’sir ko‘rsatgan. U o‘zini kamsitilgan hamda yolg‘iz his qilgan. Erkak o‘sha kuni soat 16:35 da hushyorxonada vafot etgan.
Inspektor sudda aybini tan olmagan
Sud jarayonida profilaktika inspektori o‘zini aybdor deb hisoblamagan. U fermerni mastlik holatini tekshirish uchun tibbiyot muassasasiga olib borish jinoyat emasligini aytgan. Shuningdek, fermerni punktda olib qolish masalasini feldsher hal qilganini bildirgan.
Sud esa inspektorning harakatlariga huquqiy baho berdi. U Jinoyat kodeksining 103-moddasi, ya’ni shaxsni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish ayblovi bo‘yicha jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli oqlandi. Biroq sud uni Jinoyat kodeksining 206-moddasi bo‘yicha hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqishda aybdor deb topdi.
Fermer vafotidan keyin inspektorga qanday jazo berildi?
Sud hukmi bilan profilaktika inspektoriga 1 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bundan tashqari, u 1 yil 6 oy davomida IIV tizimida hamda davlat organlarida muayyan mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.
Inspektor va uning advokati hukmga rozi bo‘lmay, yuqori sudlarga shikoyat qildi. Navoiy viloyat sudi 2026-yil 29-iyunda ishni apellyatsiya tartibida, 23-oktyabrda esa taftish tartibida ko‘rib chiqdi. Har ikki holatda ham hukm o‘zgarishsiz qoldirildi.



