Jensen Xuang iste’fodan so‘ng Nvidia’ga qaytish istagini bildirdi va jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini tan oldi
17-noyabr kuni Jensen Xuang X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida rasmiy bayonot e’lon qildi.
3 daqiqa o‘qiladi

Nvidia’ning sobiq bosh direktori Jensen Xuang lavozimidan ketganidan beri ilk bor jamoatchilikka murojaat qildi. U shaxsiy hayotida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini tan olib, kompaniya rahbariyatidan uzr so‘radi hamda direktorlar kengashi zarur deb topsa, Nvidia boshqaruviga qaytishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Xuang xatolarini tan oldi va Nvidia rahbariyatidan uzr so‘radi
17-noyabr kuni Jensen Xuang X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida rasmiy bayonot e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan hafta davomida do‘stlari, hamkasblari va hatto notanish insonlardan ham dalda beruvchi ko‘plab xabarlar olgan. Nvidia’ning sobiq rahbari unga va oilasiga e’tibor ko‘rsatgan barchaga minnatdorlik bildirdi.
Xuang bundan 53 yil avval AQSHga ko‘chib kelganini, Amerika fuqaroligini olish esa hayotidagi eng muhim va sharafli voqealardan biri bo‘lganini eslatib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, Nvidia uning ko‘p yillik mehnati samarasidir, hamkasblari bilan birgalikda kompaniyani dunyoning yetakchi texnologiya gigantlaridan biriga aylantirish imkoniyati esa uning uchun ulkan sharaf bo‘lgan.
Shu bilan birga, tadbirkor shaxsiy hayotidagi xatolari kompaniya rahbariyatiga qiyinchilik tug‘dirganini tan oldi.
“Men Nvidia o‘zining har bir xodimidan kutadigan yuksak me’yorlarga munosib bo‘la olmadim va shaxsiy hayotimda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ydim. Direktorlar kengashiga keltirgan muammolarim uchun chin dildan afsusdaman va xatolarim uchun mas’uliyatni to‘liq zimmamga olaman”, — dedi Xuang.
Sobiq rahbar avvalgi lavozimiga qaytishga tayyor
Xuang Nvidia direktorlar kengashi tashabbusi bilan boshlangan mustaqil tekshiruv bilan to‘liq hamkorlik qilishga tayyorligini ham bildirdi.
Uning aytishicha, iste’foga chiqqanidan so‘ng kompaniya xodimlari, investorlar, biznes hamkorlar va mijozlardan Nvidia boshqaruviga qaytishni so‘rab yo‘llangan ko‘plab murojaatlarni qabul qilgan.
U hozirda kompaniya texnologiyalar, bozor raqobati va xalqaro siyosat sohalarida jiddiy sinovlarga duch kelayotganini alohida ta’kidladi. Shu bois Xuang bosh direktor lavozimiga qaytish ehtimolini istisno etmadi.
“Agar direktorlar kengashi mening qaytishim aksiyadorlar, xodimlar, kompaniya va AQSH manfaatlariga xizmat qiladi deb hisoblasa, ushbu iltimoslarni qabul qilib, yana bosh direktor lavozimini egallashni o‘zim uchun sharaf deb bilaman”, — deya qayd etdi tadbirkor.
Bayonot yakunida u ushbu murakkab davrda o‘zini qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat aytdi va oilasiga murojaat qilib, umrining qolgan qismini ularning mehr-muhabbatiga munosib bo‘lishga bag‘ishlashga va’da berdi.
Jensen Xuangning iste’fosiga nima sabab bo‘ldi?
Eslatib o‘tamiz, 12-noyabr kuni Jensen Xuang Nvidia bosh direktori lavozimini tark etgan va direktorlar kengashi tarkibidan chiqqan edi. Uning ketishi tadbirkorning shaxsiy hayotiga oid xabarlar tarqalishi hamda kompaniya rahbariyati tomonidan mustaqil surishtiruv boshlanishi fonida yuz berdi.
OAVda 63 yoshli ishbilarmonning Singapurning Megaspeed kompaniyasi rahbariyatining sobiq vakili Elis Xuang bilan ehtimoliy munosabatlari haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Mazkur ayol Xitoy razvedkasi bilan aloqadorlikda va Pekin manfaatlarini ko‘zlab josuslik qilishda gumonlanmoqda. Xitoy hukumati esa bu ayblovlarni rad etgan.
Xuang lavozimidan ketganidan so‘ng kompaniyaning moliyaviy direktori Kolett Kress Nvidia bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.



