O‘zbekistonda ommaviy tadbirlarni qo‘riqlash pulli bo‘lishi mumkin
O‘zbekistonda 100 va undan ortiq kishi qatnashadigan konsertlar, sport musobaqalari va boshqa ommaviy tadbirlarni qo‘riqlash pulli bo‘lishi mumkin. Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, tashkilotchilar huquq-tartibot xodimlarining xizmatiga har bir soat uchun haq to‘laydi.
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vazirligi konsertlar, sport musobaqalari va boshqa ommaviy tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlash xizmatlarini pulli asosda tashkil etishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqdi. Taklif 100 va undan ortiq kishi ishtirok etadigan tadbirlarga tegishli.
Tashkilotchilar xavfsizlik xizmatlari bilan shartnoma tuzadi
Qaror loyihasiga muvofiq, ommaviy tadbir tashkilotchilari uni o‘tkazishdan kamida 10 ish kuni oldin Milliy gvardiya yoki ichki ishlar organlari bilan xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha shartnoma tuzishi kerak bo‘ladi.
Tadbirning xususiyati va xavfsizlik talablaridan kelib chiqib, bu jarayonga Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari hamda tibbiyot xodimlari ham jalb etilishi mumkin.
Bir nafar xodim xizmatining bir soati 30,8 ming so‘m etib belgilanmoqda
Loyihada huquq-tartibot organlarining bir nafar xodimi tomonidan ko‘rsatiladigan bir soatlik xizmat uchun bazaviy hisoblash miqdorining 7 foizi miqdorida to‘lov undirish taklif etilgan. Amaldagi hisob-kitob bo‘yicha bu 30,8 ming so‘mni tashkil etadi.
Tashkilotchilar to‘lashi kerak bo‘lgan yakuniy summa tadbirga jalb qilingan xodimlar soni va ularning xizmatda bo‘lgan vaqtiga qarab belgilanadi.
Shu bilan birga, ayrim toifadagi tadbirlarni qo‘riqlash uchun haq olinmasligi ko‘zda tutilgan. Jumladan, alohida toifadagi tadbirlar, saylovoldi uchrashuvlari va ko‘chma sirk tomoshalarida xavfsizlikni ta’minlash bepul bo‘lib qolishi rejalashtirilmoqda.
Ruxsatnoma olinmasdan chipta sotish mumkin bo‘lmaydi
Hujjat loyihasida ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga ruxsat berish tartibini ham elektron shaklga o‘tkazish nazarda tutilgan. Taklifga ko‘ra, tegishli ruxsatnoma rasmiylashtirilmaguncha tadbirni reklama qilish va unga chiptalar sotish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, chiptalarni sotish jarayonini ham to‘liq elektron shaklga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Ushbu tartib qalbaki chiptalar savdosi va chiptalarni belgilangan narxdan qimmatroq sotish holatlarining oldini olishga qaratilgan.
Tadbirlar xavfsizligini nazorat qilishda dronlardan foydalaniladi
Ommaviy tadbirlarda qatnashuvchilar sonini kuzatib borish, odamlar haddan tashqari to‘planishi va tiqilinch yuzaga kelishining oldini olish uchun dronlardan foydalanish ham taklif etilmoqda.
Yangi tartib barcha ommaviy yig‘inlarga taalluqli bo‘lmaydi. Xususan, to‘ylar, oilaviy marosimlar, mitinglar, yurishlar va namoyishlar ushbu talablar doirasiga kiritilmagan.
Qayd etish kerakki, Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasi hozircha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Hujjat hali qabul qilinmagan va undagi takliflar amaldagi tartibga aylangani yo‘q.



