Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +14° kechasi +9°

Ekologiya vazirligida korrupsiya alomatlari yuqori deb baholandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘tkazgan tekshiruvlarga ko‘ra vazirlikning 12 ta funksional amaliyotida korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi yuqori bo‘lib chiqdi.

2 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya vazirligida korrupsiya alomatlari yuqori deb baholandi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 12 ta funksional amaliyotida korrupsiya alomatlari “yuqori” bo‘lib chiqdi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar bermoqda.

Vazirlikda korrupsiyaviy xavf-xatar darajalari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi 240-son Qaroriga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar baholashdan o‘tkaziladi.

2024-yilda Ekologiya vazirligiga yuklatilgan 75 ta funksiya baholashdan o‘tkazilgan, unga ko‘ra 12 ta funksiyada xavf-xatar darajasi – “yuqori”, 3 ta funksiyada – “o‘rta”, 60 ta funksiyada “past” darajada.

Atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha dolzarb masalalar

Quyidagi masalalarda korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori baholandi:

- Ifloslantiruvchi moddalarni atrof-muhitga chiqarib tashlash va oqizish;

- yangi va qayta tashkil etilgan korxonalar hamda boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish va ishga tushirishda ekologik xavfsizlik talablarini amalga oshirish;

- suvni muhofaza qilish obyektlarini, suv xo‘jaligi tizimlari, suv omborlari va boshqa gidrotexnika inshootlarini ishlatish qoidalarini amalga oshirish;

- tabiatdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ruxsatnoma xususiyatiga ega hujjatlarni berish;

- davlat ekologik ekspertizasi xulosalarini berish va hisobini yuritish.

Aytish mumkinki, ushbu funksiyalar atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq o‘ta aktual masalalar bo‘lib, keltirilgan masalalarda mamlakat miqyosida ekologik muammolar juda ko‘p.

Ekovazirlik “eng korrupsiyalashgan”mi?

Korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori funksiyalari ko‘p bo‘lgan tashkilot “eng korrupsiyalashgan”, korrupsiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan lavozimdagi shaxslar “korrupsioner” yoki aksincha korrupsiyaviy xavf-xatari asosan “past” bo‘lgan tashkilotlar “korrupsiyadan xoli” hisoblanmaydi.

Ushbu holatlar mazkur tashkilotlarda nazorat choralari yetarli yo‘lga qo‘yilganligi yoki aksincha qo‘shimcha nazorat choralari ko‘rilishi kerakligini, shu bilan birga, tashkilot rahbarlari korrupsiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan jarayonlar (funksiyalar) va mazkur funksiyalarni bajaruvchi lavozimlarni alohida nazoratga olishiga signal beruvchi omil sanaladi. Hozirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dastur asosida mavjud xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda, deyiladi agentlik xabarida.