ANORBANK aksiyadori atrofidagi shov-shuvlarga munosabat bildirdi
Bank ijtimoiy tarmoqlar va turli manbalarda tarqalayotgan xabarlar uning faoliyatiga aloqador emasligini ma’lum qildi.
1 daqiqa o‘qiladi

ANORBANK aksiyadorlaridan birining shaxsiy masalalari yuzasidan turli manbalar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ma’lumotlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Bankning qayd etishicha, gap uning kapitali, boshqaruvi yoki operatsion faoliyatiga aloqador bo‘lmagan aksiyadorlardan birining shaxsiy masalalari haqida bormoqda. Shu sababli mazkur masalalarni bank faoliyati bilan bog‘lash noto‘g‘ri ekani ta’kidlangan.
Bankka rasmiy murojaat kelib tushmagan
ANORBANK ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu masala yuzasidan bankka hozirgacha hech qanday rasmiy tasdiq yoki so‘rov kelib tushmagan.
Bank tarqalayotgan xabarlar rasmiy ma’lumotlar bilan tasdiqlanmaganini va vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan dalillarga asoslanmaganini bildirgan.
Bank faoliyati odatdagi tartibda davom etmoqda
ANORBANK o‘zining kundalik faoliyatini odatdagi tartibda davom ettirayotganini ma’lum qildi. Xususan, barcha bank operatsiyalari, mijozlarga xizmat ko‘rsatish hamda mijozlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlar belgilangan tartibda bajarilmoqda.
“Mijozlar, hamkorlar va jamoatchilikni tekshirilmagan hamda anonim manbalar tomonidan tarqatilayotgan materiallarga tanqidiy yondashishga va faqat rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlangan ishonchli ma’lumotlarga tayanishga chaqiramiz”, – deyiladi bankning munosabatida.



