Qishloq xo‘jaligida eng ko‘p qonunbuzilish holati Qashqadaryoda
“O‘zagroinspeksiya” avgust oyi uchun taqdim etgan monitoring natijalariga ko‘ra, avgust oyida qishloq xo‘jaligiga jami 77 mlrd. so‘mlik zarar yetkazilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda avgust oyida qishloq xo‘jaligiga 77 milliard so‘mlik zarar yetkazildi. Bu haqda “O‘zagroinspeksiya” axborot xizmati xabar bermoqda.
195 ta qonunbuzilish holati sodir bo‘lgan
Ma’lum qilinishicha, “O‘zagroinspeksiya”ning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish mutaxassislari tomonidan o‘zlariga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, joylarda monitoring tadbirlari amalga oshirildi.
Tadbirlar davomida, 2024-yilning avgust oyida jami 195 ta holatda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 274 gektar yer maydonlarida yerga oid qonunbuzarlik holatlari qayd etilganligi aniqlandi. Shundan sug‘oriladigan 127 gektar yerlarda, 83 gektar lalmi yerlarda, 2,4 gektar bo‘z yerlarda, 62 gektar yaylov yerlarda qonunbuzarlik holatlari qayd etilgan bo‘lib, buning oqibatida yerlarning o‘zboshimchalik bilan qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilishiga sabab bo‘lgan.
Yerdan foydalanuvchilarga ogohlantirish xatlari yuborilgan
Mazkur holatlarda qonunbuzarlarga nisbatan jami 76 milliard 916 million so‘m miqdorida qishloq xo‘jaligiga yetkazilgan zarar hisoblangan. Eng ko‘p qonunbuzarlik holatlari viloyatlar kesimida olib qaralganda, Qashqadaryo viloyati (43 ta holatda), Namangan (41 ta holatda), Andijon (30 ta holatda), Samarqand, (29 ta holatda), Surxondaryo viloyatlarida (19 ta holatda) aniqlangan.
Aniqlangan qonunbuzarlik holatlaridan 109 tasi prokuratura organlariga 47 tasi esa IIV hududiy bo‘linmalariga chora ko‘rish uchun, 42 ta holatda boshqa tashkilotlarga, 8 ta holatda yerdan foydalanuvchilarga ogohlantirish xatlari yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijara huquqi asosida sotib olish qiymatini har oyda teng ulushlarda, qoldiq summaga Markaziy bankning asosiy stavkasida foiz hisoblagan holda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berilishi xabar qilingan edi.



