$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

“Afrosiyob” poyezdlari faqat zarar bilan ishlagan – Zufar Narzullayev

Afrosiyob

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” 2023-yilda 238 milliard so‘m zarar ko‘rgan. Bu haqda “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ boshqaruv raisi Zufar Narzullayev Senatning ellik sakkizinchi yalpi majlisda ma’lum qildi.

“Afrosiyob” biror yil foyda bilan ishlamagan

Zufar Narzullayevning so‘zlariga ko‘ra, “Afrosiyob” biror yil foyda bilan ishlamagan.

“Yevropada, umuman, jahon miqyosida tezyurar poyezdlarning chipta narxi samolyot narxidan qimmat yuradi... Oddiy poyezdlarning chipta narxi ma’lum bir belgilangan tarif asosida ushlab turiladi”, — deydi u.

Endi chipta narxi xuddi samolyotlarniki kabi o‘zgarib turadi

“O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ boshqaruv raisining aytishicha, 2025-yil 1-yanvardan boshlab yuqori tezlikda yuradigan poyezdlarning chipta narxi xuddi samolyotlarniki kabi o‘zgarib turadi.

“Bunda poyezd chiptasi narxi talabga qarab, xuddi samolyot chiptasi narxlari kabi o‘zgarib turadigan bo‘ladi. Qolgan oddiy poyezdlarning chipta narxlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tartibga solinadi”, — deydi “O‘zbekiston temiryo‘llari” rahbari.

Nima uchun “Afrosiyob” zararga ishlamoqda

“Afrosiyob” poyezdlari zarar ko‘rishining bir necha sabablari bo‘lishi mumkin. Sabablarning urasida eng asosiysi yuqori ekspluatatsiya xarajatlaridir. Tezyurar poyezdlarni boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish katta xarajatlarni talab qiladi. Bu poyezdlar uchun maxsus texnik infratuzilma, yo‘llarni yangilash va muntazam texnik xizmat xarajatlari yuqori bo‘lishi mumkin.

Yuqorida so‘z brogan chipta narxlari ham bu borada muammo yuzaga keltiradi. Poyezd chiptalari narxi ko‘pincha xaridorlarning to‘lov qobiliyatiga moslashtirilgan bo‘ladi, ammo bu daromadlar poyezdning real ekspluatatsiya xarajatlarini qoplashga yetmaydi. Buning ortidan “Afrosiyob” poyezdlari zararga ishlaydi.

Ko‘pincha davlat tezyurar poyezdlarni iqtisodiy samaradorlik uchun emas, balki transport infratuzilmasini rivojlantirish va qulaylikni oshirish uchun qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa ba’zan zararga ishlashga olib kelishi mumkin.

Narxlar oshirilgan

2024-yil 20-yanvardan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari hamda “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tezyurar poyezdlarining chiptalar narxi 20 foizga oshgan edi. 15-maydan boshlab esa “Afrosiyob” elektropoyezdi chiptalari narxi ekonom klass uchun 20 foizga, biznes klass uchun 30 foizga, VIP klass uchun 40 foizga oshirilgandi.

“Afrosiyob”dan bir kunda qancha odam foydalandi?

Ma’lumotlarga qaraganda, “Afrosiyob” poyezdlaridan bir kunda o‘rta hisobda 3 500 nafar odam foydalanadi. Bundan kelib chiqadiki, yiliga “Afrosiyob” poyezdlari 1,2 million aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Теги :
Jamiyat