$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Qozog‘istonliklar mamlakat kelajagi uchun muhim qarorni qabul qilishdi

AES referendum

Kuni kecha, 6-oktyabr kuni Qozog‘istonda mamlakatdagi va butun Markaziy Osiyodagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha referendum o‘tkazildi. 

Referendum natijasi

Referendumda saylovchilar bitta savolga javob qaytarishi kerak edi: Siz Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimisiz?Bugun referendum natijalari ma’lum qilindi. Qozog‘iston Davlat siyosati institutining ikkinchi ekzit-poll natijalariga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan qozog‘istonliklarning 72,3 foizi AES uchun, 27,7 foizi esa AESga qarshi ovoz bergan. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda referendumda 63,87 foiz ovoz beruvchilar ishtirok etgan.

Saylovoldi propagandasi

Qozog‘istonda Referendumdan oldin mamlakat hukumati ochiqchasiga AES qurilishini qo‘llab-quvvatladi. Referendumga uch kun qolganida, 3-oktyabr kuni mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev AES qurilishini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlab, aks holda Qozog‘iston dunyodagi taraqqiyotdan chetda qolishi mumkinligini ma’lum qildi. Atom elektr stansiyasi qurilishi — uzoq muddatli loyiha bo‘lib, u mamlakatimizning o‘nlab yillar davomida barqaror rivojlanishini ta’minlaydi, turli profildagi muhandislar va mutaxassislarning butun sinfini tayyorlash uchun sharoit yaratadi. Va bu afzalliklarni bugungi yoshlarimiz hamda qozog‘istonliklarning kelgusi avlodlari to‘liq his etadi, — deya qayd etgan To‘qayev respublika deputatlar forumidagi chiqishida. Shuningdek, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ham atom targ‘ibotiolib borildi. 

Tozalash ishlari 

Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha referendum oldidan 27 kishi hibsga olingani haqidagi xabar ham keng jamoatchilikka ma’lum bo‘ldi. Xabarga ko‘ra ulardan ba’zilari 10, 15 va 20 kunga hibsga olingan, boshqalaridan tilxat yozdirib olingan. Bir kishi 42 ming tenge jarimaga tortilgan. Politsiya AES qurilishiga qarshi yozilgan plakatlarni “noqonuniy tashviqot” deb hisoblagan. Sud AES qurilishi masalasida shahar aholisi o‘rtasida so‘rov o‘tkazgani uchun bir nashrni 230 dollar jarimaga ham tortgan. 

AES qurilishi uchun loyihalar

AES qurilishi uchun Qozog‘iston atom elektr stansiyalari kompaniyasi mas’ul qilingan, kompaniya allaqachon qurilish uchun ehtimoliy maydonlarni o‘rganmoqda. Hozirgi bosqichda asosiy nomzod Almati oblastidagi Balxash ko‘li bo‘yida joylashgan Ulken posyolkasi bo‘lib turibdi. Qozog‘iston atom elektr stansiyalarikompaniyasi rahbari Timur Jantikin mutaxassislar AESning zarur quvvatini 2,8 GVt deb baholashganini aytgan. AES qurilishi uchun III va III+ avloddagi suv bosimli reaktorlari mos etib tanlangan. Allaqachon 6 ta xorijiy kompaniya atom elektr stansiyasi uchun 13 ta loyihani taqdim etishgan. Short-list to‘rtta ehtimoliy pudratchini o‘z ichiga oladi: Xitoyning HPR1000 reaktorli CNNC kompaniyasi, Koreyaning APR1000 va APR1400 reaktorli KHNP kompaniyasi, Rossiyaning Rosatomi hamda fransuzlarning EPR1200 texnologiyalariga ega EDF kompaniyasi.

Jamoatchilik xavotiri 

Yaxshi bilasiz, Qozog‘iston dunyoning eng yirik uran qazib oluvchisi, ammo u ham elektr quvvati taqchilligidan aziyat chekishni boshladi. Hukumatning tashviqotiga ko‘ra, atom elektr stansiyasi bu vaziyatni o‘zgartirishi mumkin. Ammo nima evaziga, degan savol ham mavjud. Ayni paytda ko‘plab ekologlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va fuqarolik faollari AES qurilishiga qarshi. Ular kelgusida stansiyani foydalanishdan chiqarish uchun katta miqdorda mablag‘ talab qilinishini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, ular AES qurish g‘oyasi Qozog‘iston rasmiylari tomonidan faqat Rossiya manfaatlarini ko‘zlab ilgari surilayotganidan xavotirda. Lekin eng muhimi, atom energetikasi muxoliflarini beqaror Balxash ko‘li bo‘yida AES qurish rejalari tashvishga solmoqda. Qayd etilishicha, avariya yuz bergan taqdirda mamlakat aholisi zich joylashgan hududning salmoqli qismi radioaktiv ifloslanishga duchor bo‘ladi.

Qirg‘iziston ham AES qurmoqchi

Rossiya Qozog‘istondan tashqari Qirg‘izistonda ham atom elektr stansiyasini qurishni reja qilgan. Ma’lum qilinishicha, bu masalani o‘zaro hamkorlikda o‘rganib chiqish bo‘yicha shartnomalar imzolangan. “Rosatom” korporatsiyasining Qirg‘izistondagi vakolatxonasi bosh direktori Dmitriy Konstantinov ushbu mamlakatda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurish masalasi qaysi bosqichda ekani haqidagi savolga quyidagich javob qiladi: “Atom stansiyasi loyihasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Qirg‘iz hamkorlarimiz masalaning maksimal darajada barcha jihatlariga “sho‘ng‘ib”, nyuanslarni o‘rganib chiqmoqda. Bu yerda axborot kampaniyasi muhim ahamiyatga ega. Masalan, 10 oktyabr kuni energetika sohasi faxriylari uchun atom energetikasining xavfsizligi haqida seminar o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Hamkorlarimiz qancha ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishsa, shuncha yaxshi”, – deydi “Rosatom” rasmiysi. 

Ma’lumot uchun, Rossiyaning “Rosatom” tashkiloti O‘zbekistonning Jizzax viloyatida ham kam quvvatli AES qurilishini boshlash arafasida turibdi.

Теги :
Jamiyat