$
 12021.32
-20.73
 13734.36
-10.44
 157.64
2.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Rossiyaning yoqilg‘i inqirozi Markaziy Osiyo osmoniga ham yetib keldimi?

Oil Foto: SI

Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirilayotgan dron hujumlari endi urush maydonidan Markaziy Osiyo aviatsiya bozoriga ko‘chdi. Buning oqibatida aviakerosin taqchilligi kuchayib, yoqilg‘i narxi oshmoqda, ayrim aviakompaniyalar esa parvozlar sonini qisqartirishga majbur bo‘lmoqda. Tahlillariga ko‘ra, Rossiyada aviakerosin ishlab chiqarish va ta’minotidagi uzilishlar mintaqadagi an’anaviy logistika zanjirlarini izdan chiqargan. Dunyoning eng yirik neft ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Rossiya o‘z tarixida ilk bor xalqaro sanksiyalarni aylanib o‘tish orqali Osiyodan aviakerosin import qilishga urinayotgan bir paytda, mintaqa davlatlari aviahalokatli ssenariylarning oldini olish uchun zaxira variantlarini qidirmoqda.  

Rossiya neft zavodlari nega izdan chiqdi?

Rossiya neftni qayta ishlash sanoatidagi inqirozning asosiy sababi — so‘nggi oylarda strategik neft infratuzilmasiga uyushtirilgan ketma-ket dron hujumlari bo‘ldi. Harbiy tahlilchilar va xalqaro iqtisodiy nashrlar ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida mamlakatdagi neftni qayta ishlash quvvatlarining qariyb 42 foizi vaqtincha ishdan chiqqan. Natijada Rossiya iqtisodiyotiga kamida 13,5 milliard dollar zarar yetgani aytilmoqda. Zavodlarning rejadan tashqari ta’mirga yopilishi va ishlab chiqarish hajmining qisqarishi ichki bozorda yoqilg‘i taqchilligini keskin kuchaytirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, iyun oyi oxiriga kelib Rossiya hududlarining qariyb 90 foizida yoqilg‘i taqsimotida cheklovlar yoki uzilishlar kuzatilgan. Ichki bozordagi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida Rossiya hukumati 2026-yil 1-iyundan 30-noyabrgacha aviakerosin eksportiga to‘liq taqiq joriy qildi. Buning natijasida Rossiya yoqilg‘isiga tayanib kelgan tashqi bozorlar, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari ham ta’minotdagi uzilishlar xavfi bilan yuzlashdi.

Kpler xalqaro tahlil agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning aviakerosin eksporti o‘tgan yili kuniga o‘rtacha 30 ming barrelni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 13 ming barrelgacha kamaygan. Bu eksport hajmi ikki barobardan ko‘proqqa qisqargan.

Tanqislik O‘zbekiston aviatsiya bozoriga qanday ta’sir qildi?

Rossiyadan aviakerosin yetkazib berish zanjirining uzilishi O‘zbekiston ichki bozoriga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida yoqilg‘i narxlari keskin ko‘tarilib, AI-92 benzini va boshqa neft mahsulotlari narxi bir oy ichida qariyb 11,8 foizga oshdi, bozordagi umumiy taklif esa ikki barobarga qisqardi. Bu holat yoqilg‘i bozoridagi umumiy taqchillik kuchayganini ko‘rsatadi. Ushbu ta’sir aviatsiya sohasida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Aviakerosin tanqisligi va uning keskin qimmatlashuvi sabab Uzbekistan Airways Rossiyaning ayrim yo‘nalishlarida, jumladan Moskva va Sankt-Peterburgga amalga oshiriladigan muntazam reyslar sonini qisqartirdi. Yo‘lovchilar uchun noqulayliklarni kamaytirish maqsadida aviakompaniya chiptalarni jarimasiz qaytarish yoki qo‘shimcha to‘lovsiz boshqa sanaga qayta bron qilish imkoniyatini taqdim etmoqda.

Qo‘shni davlatlar qanday choralar ko‘rmoqda?

Rossiyadagi yoqilg‘i taqchilligi Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Ayniqsa, Qozog‘istonda Atirau neftni qayta ishlash zavodidagi rejaviy ta’mirlash ishlari fonida aviayoqilg‘i tanqisligi xavfi yuzaga kelgan. Rossiya ichki bozordagi tanqislikni qoplash uchun Belarus va Qozog‘istondan benzin xarid qilish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda. Moskva iyul-avgust oylarida Qozog‘istondan AI-92 va AI-95 markali 50 ming tonna benzin olish bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Biroq Qozog‘iston Energetika vazirligi bunday rasmiy murojaat kelib tushganini inkor etdi. Tahlilchilar fikricha, Qozog‘istonning o‘zi ham qayta ishlash quvvatlari cheklangani sababli Rossiyaga sezilarli yordam bera olmaydi. Shu sabab hukumat Rossiyaga noqonuniy yoqilg‘i oqimining oldini olish maqsadida chegara nazoratini kuchaytirdi. Shuningdek, neft mahsulotlari eksportiga qo‘yilgan taqiqni 2027-yil mayigacha uzaytirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Mamlakat ehtimoliy tanqislikni yumshatish uchun Xitoydan aviakerosin import qilishi ham mumkin.

Qirg‘izistonda esa Energetika vazirligi yoqilg‘i zaxiralari holatini har kuni monitoring qilib, ta’minotdagi uzilishlarni bartaraf etish ustida ishlamoqda. Rasmiylar ehtiyot chorasi sifatida qo‘shni davlatlarga barqaror yoqilg‘i yetkazib berishda ko‘mak so‘rab murojaat qilgan.

Rossiya sanksiyalarni qanday chetlab o‘tishga urinmoqda?

Yirik neft eksportchisi bo‘lgan Rossiyaning o‘zi Osiyodan aviakerosin import qilish uchun yashirin sxemalarni ishga solmoqda. Iyul oyining birinchi yarmi uchun Yaponiyaning Tiba portidan kamida 200 ming barrel aviakerosin yuklanishi rejalashtirilgan. Ushbu mahsulot G7 sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun murakkab vositachilar zanjiri orqali dastlab Janubiy Koreyaning Yosu portiga yetkaziladi va ochiq dengizda kemadan-kemaga yuklash operatsiyasi orqali Rossiya tankerlariga o‘tkaziladi. Biroq, Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Ryosei Akadzava rasmiy bayonot berib, Yaponiyaning Rossiyaga nisbatan cheklovlari uchinchi davlatlar orqali amalga oshiriladigan har qanday bilvosita yetkazib berishlarni ham qamrab olishini eslatdi va sanksiyalarni chetlab o‘tishga yo‘l qo‘yilmasligini qat’iy ta’kidladi.

Aviatsiya bozori ekspertlarining fikriga ko‘ra, bu inqiroz Markaziy Osiyo davlatlariga jiddiy strategik saboq taqdim etmoqda. Xitoy bilan savdo aloqalari kengayib borayotganiga qaramay, mintaqa neft mahsulotlari bo‘yicha hanuzgacha to‘liq Rossiyaga qaram ekanligi ma’lum.Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya zavodlariga zarbalar davom ettirilishini ma’lum qilganini hisobga olsak, Yevroosiyo havo transporti va yoqilg‘i bozorlari yaqin oylarda ham kuchli bosim ostida qolishi muqarrar. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlaridan Xitoy, Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Ozarbayjon kabi muqobil yo‘nalishlardan energiya import qilish infratuzilmasini zudlik bilan rivojlantirishni talab etadi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot