$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston va Qozog‘istondan keyin navbat Qirg‘iz Respublikasiga: Markaziy Osiyo davlatlari faollarining xavotiri ortmoqda

AES

Yoz o‘z o‘rnini kuzga bo‘shatib berdi. Kuz faslining ikkinchi oyi boshlanganda bu gapni o‘qish sizga erish tuyulishi mumkin, ammo haqiqiy kuz, o‘sha etni junjiktiradigan sovuqlariga ega kuz mana endi boshlanajak, desak xato bo‘lmaydi. Kuz, qish va bahor fasllari Markaziy Osiyo mintaqasiga yog‘ingarchilik va birmuncha sovuq havo massasi bilan ta’sir qiladi. Bu vaqtda mintaqa xalqlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi yanada oshadi. Kuchli shamol va yog‘ingarchiliklar sabab ko‘p joylarda turlicha uzilishlar yuz berib, sohadagi kamchiliklar har doimgidan-da ko‘proq namoyon bo‘ladi. O‘z-o‘zidan ayni shu vaqtga oralig‘ida elektr energiyasi bilan bog‘liq mavzular aktuallashadi. Xususan, atom elektr stansiyasi mavzusi ham. Rossiyaning O‘zbekiston bilan boshlangan rejalari dastlab Qozog‘iston, endilikda esa seysmik faol zonada joylashgan Qirg‘iz Respublikasi bilan davom etish arafasida turibdi. 

Navbat Qirg‘izistonga

Sezib turganingizdek, Rossiya Qirg‘izistonda ham atom elektr stansiyasini qurmoqchi. Ma’lum qilinishicha, bu masalani o‘zaro hamkorlikda o‘rganib chiqish bo‘yicha shartnomalar imzolangan. “Rosatom” korporatsiyasining Qirg‘izistondagi vakolatxonasi bosh direktori Dmitriy Konstantinov ushbu mamlakatda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurish masalasi qaysi bosqichda ekani haqidagi savolga quyidagicha javob qiladi:

“Atom stansiyasi loyihasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Qirg‘iz hamkorlarimiz masalaning maksimal darajada barcha jihatlariga “sho‘ng‘ib”, nyuanslarni o‘rganib chiqmoqda. Bu yerda axborot kampaniyasi muhim ahamiyatga ega. Masalan, 10-oktyabr kuni energetika sohasi faxriylari uchun atom energetikasining xavfsizligi haqida seminar o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Hamkorlarimiz qancha ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishsa, shuncha yaxshi”, – deydi “Rosatom” rasmiysi. 

Energetik muvozanat uchun AES kerak

Dmitriy Konstantinov atom energetikasini mamlakat taraqqiyotining asosi deb ataydi.

Qirg‘izistonda energetik muvozanat uchun atom stansiyasi, albatta, kerak. Barcha rivojlangan davlatlar bugun energetik balansda AESning hissasini oshirmoqda. Rossiyada, masalan, bu hissa 2030-yilga borib 20 foizdan 24 foizga yetadi. Qirg‘izistonda atom stansiyasini qurish haqidagi qarorni xalq hukumat bilan birgalikda qabul qiladi. Biz bu qarorning obyektiv bo‘lishini ta’minlash uchun o‘z tomonimizdan zaruriy barcha axborotlar va texnologiyalarni taqdim etamiz”, – deya qo‘shimcha qildi Konstantinov.

Stansiya qayerda joylashadi?

Bundan avvalroq Qirg‘iziston energetika vaziri o‘rinbosari Sabirbek Sultanbekov Rossiya tomonidan quriladigan AES Chuy viloyatida joylashishi mumkinligini ma’lum qilgan.

“Rossiyalik mutaxassislar Qirg‘izistonga kelib, atom elektr stansiyasini joylashtirishning bir nechta variantlarini ko‘rib chiqishdi. Taxminiy mo‘ljalga ko‘ra, stansiya Chuy viloyatida quriladi”, – degan qirg‘iz hukumati vakili jurnalistlar bilan mart oyidagi suhbatda.

Kutilmagan keskin burilish

E’tiborga molik jihati, avvaliga qurilajak stansiya har biri 50 megavatt quvvatli ikkita reaktordan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Keyinroq esa Sabirbek Sultanbekovning ta’kidlashicha, loyiha quvvatini 300 megavattgacha oshirishga qaror qilingan. 2022-yil yanvar oyida Qirg‘iziston Energetika vazirligi va “Rosatom” o‘rtasida kam quvvatli AES qurish bo‘yicha memorandum imzolangan. O‘sha yilning noyabrida Qirg‘iziston Energetika vazirligi va “Rosatom” tarkibiga kiruvchi “Rusatom Enerdji Prodjekts” AJ o‘rtasida mamlakatda kam quvvatli AES qurilishining birlamchi texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha texnik shartlar imzolangan.

Jamoatchilik faollarining xavotiri

O‘z-o‘zidan O‘zbekiston va qo‘shni Qozog‘istonda bo‘lgani kabi ushbu masala qirg‘iz jamoatchiligi orasida ham keng muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘lib kelmoqda. Faollar Qirg‘iziston seysmik faol zonada joylashgani, infratuzilma yetishmovchiligi, yetarli tajriba va bilimga ega kadrlar yo‘qligi, yadroviy chiqindilarni ekologiyaga zarar yetkazmasdan utilizatsiya qilish muammosi borligi, AES terrorchilik xurujlari va diversiyalar uchun nishonga aylanishi mumkinligi tufayli xavfsizlik sohasida juda qaltis masalaga aylanib qolishini ta’kidlab keladi.

Qozog‘istonda vaziyat qanday?

Atom elektr stansiyasi qurish masalasi Qozog‘istonda ham faol muhokama qilinmoqda. Joriy hafta oxirida, 6-oktyabr kuni bu masalada umummilliy referendum o‘tkaziladi. Referendum byulletenida aholidan quyidagicha savolga javob berish so‘raladi: “Siz Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimisiz?”

AES qurishga qaror qilingan taqdirda, stansiya qurish uchun Balxash ko‘li yaqinidagi Ulken posyolkasi tanlanishi mumkin. Hukumat atom reaktorlarini yetkazib berish bo‘yicha Xitoy, Fransiya, Rossiya va Janubiy Koreya kompaniyalarini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan.

O‘zbekiston hukumati moliyalashtirishi kutilayotgan AES

“Rosatom” O‘zbekistonning Jizzax viloyatida ham kam quvvatli AES qurilishini boshlash arafasida turibdi. Forish tumani hududida, Tuzkon ko‘li yaqinida barpo etiladigan stansiya umumiy 330 megavattlik oltita RITM-200N reaktor blokidan iborat bo‘ladi. Qurilish-montaj ishlarini shu yil kuzda boshlash ko‘zda tutilgan. 10-sentyabr kuni loyiha doirasidagi ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolangan. Hozircha O‘zbekistondagi AES loyihasining qiymati va moliyalashtirish manbalari ochiqlanmagan. Rus nashrlari esa qurilishni to‘liq O‘zbekiston hukumati moliyalashtirishini yozgan.

Unutilmagan fojealar

Bugungi kunda dunyoning 38 ta davlatida bir qancha AESlar mavjud. Shu kunga qadar ushbu elektrostansiyalarda ko‘plab yashirin yadroviy avariyalar sodir bo‘lgan. Yadroviy avariyalar AES bozoriga zarar yetkazmasligi uchun yashirib kelingan. Shunday bo‘lsa-da, butun insoniyatga ma’lum bo‘lgan fojelar ham mavjud. Atom elektr stansiyasi deganda bizning aholi xayolida tabiiy ravishda Chernobil fojeasi gavdalanadi. Dunyo atom energetikasi tarixidagi eng katta fojea sifatida ham Chernobil atom elektrostansiyasidagi avariya eslanadi. Falokat oqibatlarini bartaraf etishga butun SSSRdan, shu qatorda O‘zbekistondan ham odamlar safarbar etilgan. "Grinpis" tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yadroviy falokat 93000 nafar atrofidagi inson umriga zomin bo‘lgan. Chernobilga yaqin hududlarda hozirga qadar chaqaloqlarning jismoniy nuqsonlar bilan tug‘ilishi kuzatiladi. AES bilan bog‘liq ikkinchi ofat barchamizga ma’lum bo‘lgan Yaponiyadagi sunami sabab sodir bo‘lgan. “Ikkinchi Chernobil” deb atalgan “Fukusima-1” AESidagi texnogen hodisa tufayli 180 ming kishi uy-joylaridan ayrilgan, 220 mlrd. dollar iqtisodiy talafot ko‘rilgan va ekologiyaga jiddiy zarar yetgan. Yaponiya uchun bu xalq irodasi hamda texnologik qudratiga og‘ir sinov bo‘lgan.

Baxtsiz hodisa ehtimoli hech qachon nolga teng bo‘lmaydi

Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi va mahalliy resurslarning doimiy emasligi vaji bilan atom energiyasiga bo‘lgan moyillikni orttirishga urinishlar bo‘lmoqda. Atom energiyasidan foydalanish ko‘mir va tabiiy gaz elektr stansiyalaridan ko‘riladigan zararni kamaytiradigan yo‘l sifatida ko‘riladi. Chernobil AESidagi halokatdan 27 yil o‘tgach, boshqa elektr stansiyalaridagi baxtsiz hodisalar OAVda yetarlicha yoritilmadi. O‘z navbatida, bu atom energiyasiga oid xavotirlarning kamayishiga hamda ehtimoliy xavflarning unutilishiga olib kelgan. Ta’kidlash joizki, atom energiyasini ishlab chiqarishda baxtsiz hodisa ehtimoli hech qachon nolga teng bo‘lmaydi.

Tekin nishon bo‘lish ehtimoli

Insoniyat hayotini o‘zgartirib yuborgan 11-sentyabr voqealari ortidan atom elektr stansiyalari uchun ilgari duch kelinmagan xavfsizlik muammosi paydo bo‘ldi. AESlar uchun Bazuka, gubitsa yoki raketa uchun himoya ssenariylari ishlab chiqilgan. Lekin, atom elektr stansiyalaridagi xavfsizlik choralarining hech biri yoqilg‘iga to‘ldirilgan yo‘lovchi samolyotining qulashi ehtimolini taxmin qilmaydi. Berlin texnik universitetida parvoz simulyatori orqali turli xil uchuvchilar va turli xil texnikalar bilan olib borilgan xudkushlik hujumi tadqiqotlari natijalari shu qadar jiddiy va xavfli ediki, ular hech qachon rasmiy ravishda oshkor etilmagan. Keyinchalik matbuotda tarqalgan hisobotga ko‘ra, bunday hujumda keng ko‘lamli radioaktiv nurlanish tarqalishi muqarrar bo‘lgan. Endilikda atom elektr stansiyalari ishlay boshlagach, ehtimoliy bo‘lgan urushda mamlakatni yo‘q qilish uchun atom bombasi kerak bo‘lmaydi. Atom elektr stansiyalari havo zarbasiga uchraganda vaziyat nafaqat atom bombasi beradigan zarar kabi bo‘ladi, balki, mamlakatning energiya tizimiga ham katta zarba beriladi.

Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyoning ikki davlati – Tojikiston va Turkmaniston esa AES qurishga qiziqish bildirmagan. Tojikiston gidroenergetikani rivojlantirish uchun juda katta salohiyatga ega, Turkmaniston esa gaz zaxiralari bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi.

Теги :
Jamiyat