$
 12021.22
-54.96
 13978.27
-16.82
 169.53
0.06
weather
+26
Кечаси   +14°

3 kunda 6 ta yer silkinishi: Buxorodagi zilzilalar aholi uchun qanchalik xavfli?

zilzila

So‘nggi 3 kun ichida Buxoro viloyatida 6 marta yer qimirladi. Eng oxirgi zilzila bugun, 22-may kuni soat 10:44 da Jondor tumanida sodir bo‘ldi. Magnitudasi 4 bo‘lgan zilzila 10 kilometr chuqurlikda yuz bergan. Yer silkinishi Gazlida 2–3 ball, Peshku, Qorako‘l va Jondorda 2 ball atrofida sezilgan. Ketma-ket zilzilalar odamlarni xavotirga solayotgan bo‘lsa-da, mutaxassislar vaziyat nazorat ostida ekanini aytmoqda. Xo‘sh, zilzilalar hali davom etadimi?

“Bu kuchli zilzila emas, oddiy aftershoklar”

Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi boshlig‘i Qahramon Qo‘chqorovning UZ24.uzga ma’lum qilishicha, Buxoroda kuzatilayotgan silkinishlar kuchli zilzilaning belgisi emas. Uning aytishicha, bular aftershoklar, ya’ni avvalgi yer qimirlashlaridan keyingi tabiiy jarayon hisoblanadi. Mutaxassis zilzilalar keyinchalik ham kuchsiz bo‘lib turishini ta’kidladi. U O‘zbekistonda yiliga 50-60 tadan ortiq zilzilalar bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Aholi yashash hududiga eng yaqin zilzila qayerda bo‘ldi?

20-may kuni Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida soat 01:40lar atrofida 5,3 magnitudali zilzila yuz bergan. 21-may kuni hududda ikki marta — soat 12:29 va 15:47 da, 22-may kuni esa 01:32, 10:15 va 10:44 da zilzilalar qayd etilgan. Mutaxassislarga ko‘ra, oxirgi kunlardagi silkinishlarning aholi yashash punktiga eng yaqini Gazlida — 32 kilometr uzoqlikda kuzatilgan. Qolganlar Peshkudan 44 kilometr va Jondordagi aholi yashash punktidan 60 kilometr uzoqlikda yuz bergan.

Buxoroda zilzilani kuzatadigan 9 ta stansiya bor

Qahramon Qo‘chqorovning aytishicha, O‘zbekistonda jami 158 ta seysmoprognostik monitoring markazlari faoliyat yuritadi. Shundan 9 tasi aynan Buxoro viloyatida joylashgan.

Bu stansiyalar Gazli, Vobkent, Olot, Qorovulbozor, Jondor, G‘ijduvon, Peshku tumanlari va Buxoro shahri hududlarida ishlamoqda. Mutaxassislar barcha jarayonlar doimiy kuzatuv ostida ekanini ta’kidlab, aholini vahimaga tushmaslikka chaqirdi.

Теги :
Jamiyat