$
 12834.61
44.18
 14662.26
175.82
 162.65
0.05
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

YTHda bolalar o‘lmoqda: Ayb yo‘llardami yoki yo‘lovchida?

YTH

Tadqiqotlarga ko‘ra, YTHlar natijasida voyaga yetmaganlarning o‘limi ko‘proq past va o‘rta daromadli mamlakatlarda kuzatiladi. Bu hududlarda yo‘l infratuzilmasining yetarli emasligi, transport vositalarining texnik holati va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik kabi omillar muhim rol o‘ynaydi.

O‘zbekiston bu borada “unikal”mi?

O‘zbekistonga keladigan bo‘lsak, har qanday omil voyaga yetmaganlar orasida YTHlarning sababi bo‘la oladi. Voyaga yetmaganlar bilan sodir bo‘lgan xabarlarni o‘qiydigan bo‘lsak, birida maktab o‘quvchisi yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tgan, ikkinchisida esa haydovchi tezlikni oshirgan bo‘ladi. Deyarli har bir YTHda sabablar turlicha. Oddiy misol o‘tgan haftada YTH natijasida 3 nafar voyaga yetmagan bola halok bo‘ldi.

Ayb haydovchida

Birinchisi, Andijon viloyati Asaka tumanida 11-noyabr kuni Damas piyodani bosib ketdi.

Ta’kidlanishicha, 24 yoshli haydovchi Damas`da ketayotib, piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 9 yoshli qizni urib yuborgan. Atrofdagilar qizni mashina ostidan chiqarib olgan.

Piyoda zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan, ammo ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, vafot etgan, deyiladi IIB mas’uli tomonidan taqdim etilgan axborotda.

Belgilanmagan joyni kesib o‘tish o‘lim bilan yakunlangan

Shuningdek, Surxondaryo viloyati Bandixon tumanida ham maktab o‘quvchisi o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Hodisa 12-noyabr kuni soat 8:00 larda sodir bo‘lgan. Bandixon tumani Chinor mahallasidan o‘tuvchi 4R-100 avtomobil yo‘lida 32 yoshli haydovchi boshqaruvida bo‘lgan Nexia yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan 7 yoshli bolani urib yuborgan.

Oqibatda, tumandagi 9-maktabning 1-sinfida tahsil olayotgan bola og‘ir tan jarohatlari olib tuman shifoxonasida vafot etgan.

Yo‘lovchi avtobus o‘quvchini bosib ketdi

Shu bilan birga, Samarqand shahridagi maktablardan birining yaqinida yo‘lovchi avtobusi o‘quvchini urib yubordi.

Hodisa 14-noyabr kuni soat taxminan 8:00 larda Kamoliddin Behzod mahallasi hududida joylashgan 12-sonli maktab oldida yuz bergan.

Haydovchi Isuzu avtobusini Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab boshqarib borayotib maktab yaqinida yo‘lni o‘ng tomonidan chap tomoniga kesib o‘tayotgan 3-sinf o‘quvchisini urib yuborgan. Oqibatda bola voqea joyida vafot etgan. Ijtimoiy tarmoqlarda avtobus haydovchisi maktab oldida katta tezlikda harakatlangani haqida xabar tarqalgan.

Samarali choralar

Voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarini oldini olish uchun ko‘plab oddiy, lekin samarali choralarni amalga oshirish mumkin. Eng avvalo, bolalar va o‘smirlarni yo‘l harakati qoidalari bilan tanishtirish kerak. Maktab va oilada ularga yo‘l belgilari, piyodalar o‘tish joylari va xavfsiz yurish qoidalarini o‘rgatish, buni qiziqarli mashg‘ulotlar va o‘yinlar orqali amalga oshirish mumkin. Bu nafaqat ularning bilimini oshiradi, balki kundalik hayotda xavfsiz harakatlanishni odatga aylantiradi.

Hududlarni yanada xavfsiz qilish ham muhim. Bolalar ko‘p yuradigan maktablar, bog‘chalar va o‘yin maydonchalari atrofida piyodalar uchun xavfsiz o‘tish joylari va tezlikni cheklovchi belgilarning mavjudligi ularni xavfdan asraydi. Shuningdek, velosiped yo‘laklarini tashkil qilish kabi infratuzilmalarni yaxshilash bolalarning xavfsizligini oshiradi.

Hukumat tomonidan qat’iy qonunchilik va monitoring tizimlarini joriy etish ham dolzarbdir. Maktab avtobuslari va bolalar tashiladigan transport vositalarining texnik holatini kuzatish, yangi qonun va qoidalarni joriy etish bolalarning yo‘llardagi xavfsizligini kafolatlaydi. Bu kabi choralar orqali voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq YTHlarni sezilarli darajada kamaytirish va kelajak avlod hayotini asrash mumkin. Har birimiz bu masalaga befarq bo‘lmasligimiz shart.

Теги :
Jamiyat