$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

45—47 darajagacha issiq: O‘zbekistonliklarni jazirama yoz kutyapti

jazirama

O‘zbekistonda yozning birinchi oyi hisoblangan iyun odatda issiq va quruq keladi. Bu yil ham havo harorati yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, so‘nggi yillarda iyun oyidagi o‘rtacha harorat barqaror oshib boryapti va 2026-yil yozida ham me’yordan issiq ob-havo kuzatilishi mumkin. Hatto ayrim hududlarda havo harorati 45-47 darajagacha chiqishi ehtimoli bor.

Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida harorat odatda may oyiga qaraganda 4-5 daraja, cho‘l hududlarda esa 6-7 daraja yuqori bo‘ladi. So‘nggi 15 yil davomida O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida iyun oyining o‘rtacha harorati ko‘tarilib kelmoqda. Faqat 2019-yilda respublikaning katta qismida, shimol va cho‘l hududlarida esa 2017-2018-yillarda iyun biroz salqinroq bo‘lgan.

2021-2025-yillar oralig‘idagi kuzatuvlar ham harorat ancha oshganini ko‘rsatgan. Bu davrda respublika bo‘yicha iyun oyidagi harorat me’yordan o‘rtacha +1,3 darajadan +2,5 darajagacha yuqori bo‘lgan.

Jazirama kunlar ko‘paymoqda

O‘zbekistonning ko‘p hududlarida iyun oyida kunduzgi harorat odatda 31-36 daraja atrofida bo‘ladi. Janub va cho‘l hududlarida esa bundan ham issiq kuzatiladi. Ayrim juda issiq kunlarda harorat 37-41 darajagacha, janub va cho‘llarda esa 41-43 darajagacha chiqadi.

Toshkentda iyun oyida qayd etilgan eng yuqori harorat 43 daraja bo‘lgan. O‘zbekiston tarixidagi rekord issiq esa 1914-yilda Termizda kuzatilgan — o‘sha paytda harorat 49,6 darajaga yetgan.

Mutaxassislarning aytishicha, odamlar uchun eng katta xavf bir kunlik issiq emas, balki uzoq davom etadigan jazirama hisoblanadi. Masalan, 2023-yil iyunida deyarli ikki hafta davomida harorat 38-41 daraja atrofida bo‘lgan, cho‘l hududlari va eng janubiy joylarda esa 43 darajagacha ko‘tarilgan.

Ba’zan iyun oyida havo salqinlashib, kunduzgi harorat 25-28 darajagacha tushishi ham mumkin. Lekin bunday davrlar uzoq davom etmaydi.

Yomg‘ir kamayadi, lekin kuchli jala yog‘ishi mumkin

Iyun oyida yog‘ingarchilik mayga qaraganda ancha kamayadi. Respublikada umumiy yog‘in miqdori 2-4 marta, janub va cho‘l hududlarda esa 5-12 marta kamayadi. Shu sabab chang-to‘zon va qum bo‘ronlari tez-tez kuzatiladi.

Shunga qaramay, ayrim yillarda kuchli jala yomg‘irlar ham yog‘adi. Ayniqsa tog‘oldi va tog‘li hududlarda bunday yomg‘irlar sel va suv toshqinlariga sabab bo‘lishi mumkin. Meteorologik kuzatuvlarda ayrim hududlarda bir necha soat ichida 8-20 oylik me’yorga teng yog‘ingarchilik tushgani qayd etilgan.

Masalan, 2019-yil iyunida Toshkentda atigi ikki marta yomg‘ir yog‘gan bo‘lsa ham, shu kunlarning o‘zida shaharning ayrim joylariga 50 mm dan 89 mm gacha yog‘in tushgan. Holbuki, Toshkent uchun iyun oyining oylik me’yori 17 mm hisoblanadi.

2023 va 2025-yillarda esa Toshkentda iyun oyida deyarli yomg‘ir yog‘magan. 2025-yilda yog‘ingarchilik me’yorning atigi 10 foizini tashkil qilgan.

2026-yil iyuni qanday boshlanadi?

O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, bu yil yoz nisbatan beqaror va iliq ob-havo bilan boshlanadi. 1-3 iyun kunlari ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol tezligi 15-20 metr/sekundgacha kuchayadi. Bu kunlarda harorat kechalari 15-20 daraja, kunduzlari esa 30-35 daraja bo‘ladi.

Keyinchalik oy davomida havo harorati asta-sekin ko‘tariladi. Kunduzi 29-34 darajadan 34-39 darajagacha issiq bo‘lishi kutilmoqda. Shimol, janub va cho‘l hududlarda esa ayrim kunlari harorat 40-42 darajagacha chiqadi. Oyning birinchi yarmida ayrim hududlarda qisqa yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.

El-Nino ta’siri sezilishi mumkin

Mutaxassislar bu yil yozning issiq kelishini El-Nino hodisasi bilan ham bog‘lamoqda. Amerika iqlim prognozlari markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil may oyida Tinch okeanida suv harorati keskin ko‘tarila boshlagan. Bu esa global haroratning oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Hozir iqlim tizimi neytral deb hisoblanayotgan bo‘lsa ham, okeandagi suv harorati juda tez oshayotgani qayd etilgan. Shu sabab dunyoning yirik prognoz markazlari 2026-yil yozini issiq bo‘lishini taxmin qilmoqda.

O‘zgidrometning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda ham bu yil yoz o‘rtacha me’yordan issiqroq bo‘lishi mumkin. Yozning eng jazirama kunlarida harorat 42-44 darajagacha, shimol, janub va cho‘l hududlarda esa 45-47 darajagacha ko‘tarilish ehtimoli bor. 

Теги :
Jamiyat