$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Yuqori maosh va rivojlanish uchun yaxshi sharoit: Oʻzbekiston yoshlari nima uchun xorijda ishlashni afzal koʻradi?

yoshlar

“Yuksalish” harakati yoshlarning kasblar haqidagi fikrlarini o‘rganish va ularning nuqtayi nazaridan dolzarb hamda istiqbolli mutaxassisliklarni aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazdi.

Tadqiqot natijalari ish beruvchi va tashkilotlarga yaqin yillarda malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni baholashda qo‘shimcha ma’lumot berishi mumkin. Bu ma’lumotlar yosh mutaxassislarning intilishlari va kutilmalarini hisobga olgan holda kadrlar siyosatini takomillashtirishga yordam berishi, shuningdek, ularni jalb qilish strategiyalarini shakllantirishda asos bo‘lishi mumkin.

Soʻrovda nechta yosh ishtirok etdi?

Tadqiqot poytaxt va markaziy shaharlarda yashovchi 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida onlayn so‘rov usulida o‘tkazilib, unda 1 843 kishi ishtirok etdi.

Respublikaning barcha hududlaridagi shaharlar qamrab olingani ma’lumotlarning xilma-xilligini ta’minladi va yoshlar qarashlaridagi hududiy xususiyat va farqlarni hisobga olish imkonini berdi.

So‘rovnoma savollari barcha ishtirokchilar uchun aniq va tushunarli tarzda tuzilgan bo‘lib, jami 13 ta savoldan iborat. Savollar mazmuni yoshlar hayotining turli jihatlarini qamrab oldi. Xususan, ularning ta’limga bo‘lgan qarashlari, kasbiy intilishlari, qadriyatlari, shuningdek, ishga joylashish va karyera o‘sishiga bo‘lgan munosabatlarini aks ettirgan.

Respondentlarning hududlar bo‘yicha taqsimoti

  • Qoraqalpog‘iston: 6,9 %;
  • Andijon viloyati: 7 %;
  • Buxoro viloyati: 7,8 %;
  • Jizzax viloyati: 5,8 %;
  • Qashqadaryo viloyati: 8,7 %;
  • Navoiy viloyati: 5,7 %;
  • Namangan viloyati: 8,3 %;
  • Samarqand viloyati: 9,5 %;
  • Surxondaryo viloyati: 5,9 %;
  • Sirdaryo viloyati: 3,3 %;
  • Toshkent viloyati: 7,4 %;
  • Farg‘ona viloyati: 8,7 %;
  • Xorazm viloyati: 6,7 %;
  • Toshkent shahri: 8,3 %.

Respondentlar soni O‘zbekistonning har bir viloyati aholisi soniga mutanosib tarzda taqsimlandi. Shu sababli so‘ralganlarning asosiy qismi Samarqand viloyatidan (9,5%), ikkinchi o‘rinda – Farg‘ona viloyati (8,7%), keyingi o‘rinlarni esa Qashqadaryo viloyati (8,7%), Namangan viloyati (8,3%) va Toshkent shahri (8,3%) egallagan. Bu ma’lumotlar yoshlarni kasbga yo‘naltirishda turli hududlarning ahamiyatini tasdiqlaydi.

Kasb tanlovi va sabablari

Ko‘pchilik (89,4%) o‘z ixtiyoriga ko‘ra tanlangan mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olayotganini aytdi, 7,2% esa buning aksini ma’lum qildi. 3,4% boshqa sabablarni ko‘rsatdi.

Ishtirokchilarning deyarli 55% o‘z mutaxassisligini bolalikdagi orzusi sabab tanlagan. Tanlovga, shuningdek, ota-onalarning maslahati va oila aʼzolari shu yoʻnalishda ishlashi ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi — 17,3% ularning tavsiyasi bo‘yicha o‘qishga kirgan.

Respondentlarning jami 11,5% o‘z kasbini yuqori maosh va karyera qilishi mumkinligi sababli, 5% esa raqobatning kamligi uchun tanlagan. 6,6% esa boshqa sabablarni ko‘rsatishgan.

Istiqbolli ish yo‘nalishlari

Yoshlar uchun istiqbolli ko‘ringan yo‘nalishlar orasida birinchi o‘rinda o‘z biznesiga ega bo‘lish turadi (38,6%). Shuningdek, davlat xizmati ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otadi (35,7%). Bu vaqtda, 6,9%ga yaqin kam sonli talaba mehnat migratsiyasi istiqbollari 7,4% xususiy sektorda ishlashi haqida aytishdi.

 Umumiy respondentlar sonidan 6,8% o‘z kelajagini huquqni muhofaza qilish organlari bilan bog‘laydi, 4,6% esa o‘zini IT-mutaxassis, shuningdek, psixolog sifatida ko‘radi — bu bandlarni so‘ralganlar mustaqil ravishda taklif qilishdi.

O‘zbekistonda ishga joylashish

O‘z mamlakatida ishlashga oid ijobiy munosabat 73,8 % respondent tomonidan bildirildi. Ular O‘zbekistonda munosib o‘rin topishiga ishonadi. Biroq, 19 % bu borada mamlakat imkoniyatlarini kengaytirish lozim deb hisoblaydi. 7,2 % esa boshqa sabablarni ko‘rsatishgan.

Maoshga oid kutilmalar

So‘ralganlarning aksariyat qismi (49%) har tomonlama qulay hayot uchun optimal daromad miqdori 10 million so‘m va undan ko‘p bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. 31,9% esa 8 milliondan 10 milliongacha, 15,8% esa 4 milliondan 7 milliongacha oylik maoshni ma’qul deb biladi. Respondentlarning 3,3% boshqa miqdorlarni ko‘rsatdi.

O‘zbekistonda ishlash afzalmi yoki xorijda?

Respondentlarning 24,9% xorijda ishlashni afzal deb biladi. Yoshlarning yarmidan ko‘pi (53,2%) o‘z yurtida ishlashga bel bog‘lagan. 19,4% javob berishga qiynalgan va 2,5% boshqa javoblarni berishdi.

Xorijda ishlashni afzal bilganlar orasida asosiy sabablar:

  • 49,5% yuqori maosh;
  • 47,6% rivojlanish uchun xorijda sharoitlar yaxshiroq ekanligi;
  • 19% javob berishga qiynalgan;
  • 16,4% boshqa sabablarni belgilashdi.

Mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun zarur islohotlar

Respondentlar fikriga ko‘ra, mamlakat rivoji uchun eng muhim masala bu ish o‘rinlari yaratilishidir (56,5%). Ikkinchi o‘rinda korrupsiyaga qarshi kurashish (43,4%), shuningdek, byudjet mablag‘lari nazorati (30,1%) va ta’limning ochiqligi (30,7%). Shuni aytish kerakki, 20,7%ga yaqin respondentlar raqamlashtirish va yangi texnologiyalarni joriy qilish muhimligini ta’kidlagan.

Bu ma’lumotlar yosh mutaxassislar o‘z kasbi va jamiyatdan nimalarni kutayotgani, qolaversa, ularning oylik haqidagi fikrlarini tushunishga yordam beradi. Migratsiya jarayonlarini tezlashtiruvchi va yangi iqtisodiy vaziyatlarni yuzaga keltiruvchi globallashuv sharoitida yoshlarni nafaqat qo‘llab-quvvatlash, balki ular uchun yangi imkoniyatlarni ham yaratish zarurligini anglash lozim.

Теги :
Jamiyat