Bosh prokuratura: Qashqadaryoda tarixiy yodgorlik hojatxonaga aylantirildi
O‘zbekistondagi 12 ta tarixiy yodgorlikka 8,3 mlrd. so‘mlik zarar yetkazilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlaridagi tarixiy yodgorliklar qisman buzilib, o‘rniga uy-joy, hojatxona, hammom, issiqxona va mobil kompaniya antennasi qurilgani aniqlandi.
Beshta hududdagi yodgorliklarga yetkazilgan
Bosh prokuratura xabar qilishicha, prokuratura organlari va Madaniy meros agentligi tomonidan Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida tarixiy yodgorliklar qisman buzilib, hojatxona, hammom va issiqxona qurilgan.
Bir qancha tarixiy yodgorliklar saqlab qolindi
Hududlarda o‘tkazilgan tekshirishlarda qonun buzilishi holatlari aniqlanib, bir qator arxeologiya yodgorliklarini yo‘qotilishi oldi olingan.
Xususan:
Qashqadaryoda “Kofirtepa-2” (VII — XIII asrga oid) yodgorligining 2,4 m³, “Beshteraktepa”ning (IX — XII) 6 m³ hamda “Xontepa”ning (XI — XIII) 189 m³ qismi uy-joy;
Jizzaxda “Tomoshotepa-2” (IV — V) yodgorligining 14 m³ qismi hojatxona hamda “Qoratepa”ning (V — VI) 30 m³ qismi issiqxona;
Sirdaryoda “Hashartepa” (IX — XII) yodgorligining 6,4 m³ qismi hojatxona va hammom;
Navoiyda “G‘azg‘ontepa” yodgorligining 16 m³ qismi mobil kompaniya antennasi, “Nonvoylartepa-2”ning 5,3 m³, “Kaltepa”ning (V — VIII) 23 m³ hamda “Yasiltepa”ning (III — XI) 20 m³ qismi xo‘jalik inshootlari;
Toshkent viloyatida “Nomsiztepa-1” yodgorligining 15 m³ qismi hojatxona, “Nomsiztepa-2”ning 1,92 m³ qismi issiqxona qurish uchun qisman buzilgan.
12 ta yodgorlikka 8,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan
Ma’lum qilinishicha, yuqoridagi jami 12 ta yodgorlikka 8,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.



